Eksport va xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirishning joriy holati tanqidiy muhokama qilindi
2025-03-12 22:50:00 / Yangiliklar
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilda Buxoro viloyatida 3,0 mlrd.dollar xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish hamda 350 mln.dollarlik mahsulotlar eksportini amalga oshirish boʻyicha qatʼiy topshiriq berilgan. Xususan, yanvar oyida 145,9 mln.dollar fevralda 164,5 mln.dollar hamda I chorakda jami 449,5 mln.dollarlik xorijiy investitsiyalar va kreditlar oʻzlashtirilishi belgilangan.

Bugun viloyat hokimi Botir Zaripov rahbarligida oʻtkazilgan muhokamada xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning joriy holati va kelgusidagi rejalar hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, hududiy investitsiya dasturiga koʻra, joriy yilda qiymati 11,2 trln. soʻmlik 503 ta loyiha ishga tushirilishi hisobiga 14 ming ta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.
Jumladan, sanoat yoʻnalishida qiymati 7,2 trln. soʻmlik 204 ta loyiha doirasida, 8,7 ming ta, xizmat koʻrsatish yoʻnalishida qiymati 3,3 trln. soʻmlik 251 ta loyiha ishga tushirilishi hisobiga 4,2 ming ta, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida qiymati 0,7 trln. soʻmlik 48 ta loyiha ishga tushirilishi hisobiga 1,1 ming ta ish oʻrinlari yaratilishi belgilangan. Amalda joriy yilning yanvar-fevral oylarida qiymati 203,7 mlrd.soʻmlik 49 ta loyihalarni ishga tushirish hisobiga 396 nafar yangi ish oʻrni yaratilishi taʼminlangan. Xususan, oʻtgan 2 oy davomida Kogon shahri, Qorovulbozor va Qorakoʻl tumanlarida 1 tadan, Vobkent, Buxoro, Kogon tumanlarida 2 tadan loyiha ishga tushirilgan.
-Mazkur tumanlar rahbarlari hududlarida amalga oshirilayotgan loyihalarni qayta xatlovdan oʻtkazib, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmasa, choraklik va yillik ish oʻrinlari koʻrsatkichlarining bajarilmaslik xavfini yuzaga keltiradi. Shundan kelib chiqib, 1-chorak yakuni bilan 114 ta loyihani ishga tushirish natijasida 1260 ta yangi ish oʻrni yaratish lozim,-dedi Botir Zaripov.
Joriy yilda jami 350,0 mln. dollarlik (shundan, 329,0 mln. dollari sanoat, 21,0 mln. dollari qishloq xoʻjaligi) mahsulotlarni eksport qilish prognozi belgilangan.
Yigʻilishda yanvar-fevral oylari uchun belgilangan 40,3 mln. dollarlik mahsulotlar eksport rejasi amalda 43,1 mln. dollarga yoki 106,9 foizga bajarilgan boʻlsa-da, ayrim tumanlarda oʻsish surʼati oʻtgan yilga nisbatan 50 foizdan past boʻlganligi qayd etildi. Ushbu yoʻnalishda qishloq xoʻjaligi va karantin boshqarmalari va ularning hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda ish olib borish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, muhokamada sanoat zonalarida yangi loyihalarni joylashtirish, buning uchun salohiyatli investorlarni jalb qilish, mahalliylashtirish dasturi doirasidagi masalalar ham koʻrib chiqildi. Shahar-tumanlar hokimlarining investitsiya va eksport yoʻnalishida hisobotlari eshitildi.
Hududlarda 2025-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan har bir loyiha boʻyicha alohida ishlab, ularni muddatidan oldin ishga tushirishini hamda yangi ish oʻrinlari yaratilishini taʼminlash, hududiy investitsiya dasturidagi istiqbolsiz loyihalar oʻrniga yangi istiqbolli loyihalar roʻyxatini shakllantirish, kichik sanoat zonalaridagi mavjud boʻsh yer maydonlarini auksion savdolariga chiqarish hamda boʻsh turgan lotlarga loyihalarni joylashtirish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati