Yoshlar yetakchilari faoliyati sarhisob qilindi
2024-12-28 16:35:00 / Yangiliklar
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov soʻzga chiqib, viloyatda yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish, ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, istiqbolli gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarish orqali yoshlarning bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtaldi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda viloyati aholisining 1 mln. 54 ming yoki 52 foizini yoshlar tashkil etayotgan boʻlib, bevosita Sizlar tomoningizdan yil boshida viloyatdagi 544 ta mahallalarda istiqomat qiluvchi 14-30 yoshdagi 461 ming 4 nafar yoshlar toʻliq xatlovdan oʻtkazildi, yoshlar balansi shakllantirildi hamda ular bilan individual tartibda yil davomida ish olib borildi. Ogʻir toifaga biriktirilgan 4 813 nafar yoshlarning 2 763 ta muammolari aniqlanib, toʻliq xal etildi. 651 nafar huquq tartibot va mudofaa organlari masʼulligidagi 186 369 nafar yoshlarning 8 881 ta muammolari hal etildi.Probatsiya va profilaktika hisobida turuvchi yoshlar ishtirokida 43 marotaba “Yangi Oʻzbekistonning vatanparvar yoshlari” oʻquv yigʻinlari tashkil qilinib, jalb qilingan 4 902 nafar yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari boʻlib oʻtdi va ularning dunyoqarashi oʻzgartirildi.1 578 nafar uyushmagan yoshlar bilan olib borilgan uchrashuvlar, profilaktik tadbirlar va harbiy-vatanparvarlik tadbirlariga jalb qilinishi orqali ularning 404 nafari salbiy toifalardan ijobiy tomonga oʻzgarishi taʼminlandi.Yoshlar yetakchilari tavsiyasiga asosan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 17 420 nafar yoshlarga 17 mlrd. 382 mln soʻmlik koʻmaklar koʻrsatildi.Viloyatdagi 5 ming gektarga yaqin yer maydonida 15 632 nafar yoshlar 25,4 ming tonna mahsulot yetishtirib, 40 mlrd.125 mln. soʻmlik daromadga erishdi.
Joriy yil davomida viloyatdagi 18 nafar yoshlar yetakchisi respublikaning top-100 yoshlar yetakchilari qatoridan oʻrin olgani, 9 nafar yoshlar yetakchisi esa xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatligiga saylangani, 2 nafar yoshlar yetakchisi “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni sohibi boʻlgani, 2 nafar yoshlar yetakchisi respublika boʻyicha “Eng namunali yoshlar yetakchisi” koʻrik-tanlovi gʻolibi boʻlganligini mamuniyat bilan eʼtirof etish joiz.
-Gʻalaba, yutuq oʻzimizniki, faqat bu bilan toʻxtab qolmay kelgusida yilda marrani yana kattaroq olishimiz zarur. Davlatimizning sizga boʻlgan bu kabi eʼtiboriga nisbatan albatta oʻzingizning namunali faoliyatingiz, mahalladagi har bir yoshga yetakchilik qilish bilan javob qaytarishingizga ishonaman,-dedi Botir Zaripov.
Tadbirda yoshlar yetakchilarining 2024-yildagi ish natijalari tahlil qilindi, yuqori koʻrsatkichlarga erishgan faol yetakchilar mehnati munosib eʼtirof etilib, galdagi vazifalar belgilandi.
Shuningdek, tadbirda viloyatda huquq-tartibot va mudofaa organlari tomonidan yoshlarni otaliqqa olish va ular bilan manzilli ishlash, “ogʻir” toifadagi yoshlar bilan ishlash tizimini namunali tashkil etgan xodimlar, alohida namuna koʻrsatgan yoshlar yetakchilari, “Eng namunali mahalla yoshlar yetakchilari” tanlovi viloyat bosqichi gʻoliblari, “Yetakchi spartakiadasi” tanlov va musobaqasi gʻoliblari, faol yoshlar yetakchilarining ota-onalari munosib taqdirlandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmat