Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi
2024-12-26 11:35:00 / Yangiliklar
Bugun, 26-dekabr kuni xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining yettinchi chaqiriq 4-sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiya ishida viloyat hokimining tegishli oʻrinbosarlari, viloyat boshqarmalari, tashkilotlari va muassasalari rahbarlari, siyosiy partiyalar, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, jamoat tashkilotlari, viloyat hokimligi boʻlinmalari masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyani xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi Jamol Ashurov boshqarib bordi.
Kun tartibidagi asosiy masala — Buxoro viloyatining 2025-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida viloyat hokimining moliya-iqtisod va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha birinchi oʻrinbosari-viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshligʻi Botir Ahmedov axborot berdi.
Shuningdek, har bir soha va yoʻnalishlar uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar toʻgʻrisida atroflicha toʻxtaldi. Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi hisob palatasi shoʻba mudiri Rustam Jumayev “2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun mazmun-mohiyati va kelgusi yildagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Sessiyada navbatdagi masala — Buxoro viloyati boʻyicha 2025-yil uchun yuridik va jismoniy shaxslarning yer soligʻi stavkalarini hamda mol-mulk soligʻini hisoblashda qoʻllaniladigan eng kam qiymatni tasdiqlash toʻgʻrisida viloyat soliq boshqarmasi boshligʻi Dilshod Yuldashevning axboroti eshitildi.
Shundan soʻng, deputatlar jahon banki kredit mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan “Yer osti suvlarini milliy boshqarish va iqlim oʻzgarishi taʼsiriga moslashish” loyihasining konsepsiyasini kelishish toʻgʻrisidagi, jahon banki kredit mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan "Mikro, kichik va oʻrta korxonalarda ishlab chiqarish, xizmat koʻsatishda “yashil" va energiya samarador texnologiyalarni joriy qilishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash" loyiha konsepsiyasini kelishish toʻgʻrisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-noyabrdagi “Meva- sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va eksportni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi yuzasidan tasdiqlangan 51-sonli yigʻilish bayonida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Buxoro viloyatida qishloq xoʻjaligi korxonalarining dala chetlari hamda kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilishini samarali tashkil qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi, Buxoro viloyati boʻyicha tanlangan eng ogʻir mahallalarning tomorqa yerlarini sugʻorishni yaxshilash yuzasidan dasturga kiritiladigan loyihalarning manzilli roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalalarni muhokama qilishdi.
Shuningdek, sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi. Bu borada deputatlarning ham fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati