Jondor: “Qovchin” mahallasidagi maktab sport zaliga ega boʻldi
2024-12-12 17:00:00 / Yangiliklar
— Qurilish-bunyodkorlik ishlariga toʻxtalsak, joriy oʻquv yili oldidan ishlab chiqilgan loyihalarga binoan, tumandagi 22-sonli umumtaʼlim maktabida qiymati 2 milliard 730 million soʻmga 210 oʻrinli, 24-sonli umumtaʼlim maktabida 3 milliard 560 million soʻmga 120 oʻrinli qoʻshimcha oʻquv binolari va standart oʻlchamdagi sport zalini qurib foydalanishga topshirish choralari koʻrilmoqda, – deydi Jondor tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi bosh mutaxassisi Ulugʻbek Hoshimov. — Xuddi shunday, yirik loyihalardan biri sifatida hududdagi 38-sonli umumtaʼlim maktabida koʻpdan kutilgan zamonaviy andozadagi qoʻshimcha 660 oʻrinli oʻquv binosi qurilishi uchun 8 milliard 580 million soʻm mablagʻ moliyalashtirilgan boʻlib, bunda bunyodkorlik ishlari davom ettirilmoqda. Qolaversa, 9-sonli umumtaʼlim maktabi uchun ham 240 oʻquvchi oʻrniga ega qoʻshimcha oʻquv binosi yangidan qurilayotgani “Burjoq” MFY aholisini xursand qildi.
Shu kunga qadar Qovchin mahallasidagi 33-sonli umumtaʼlim maktabi ham sport zaliga ega boʻlmagan, tayinki, yosh sportsevarlar uchun bunda shart-sharoit mavjud emasdi. Ammo endilikda bu muammo kun tartibidan olindi. Viloyat Davlat xavfsizligi boshqarmasining tashabbusi bilan hududda talab darajasidagi sport zali qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi.
Mazkur saʼy-harakat, 12 metrga 24 metr oʻlchamdagi sport zali va unga yordamchi kiyinish xonalari qurilishi uchun loyiha qiymati 200 million soʻm mablagʻ ajratildi. Bunda pudratchi tomoni “Varaxsha maxsus qurilish” MCHJ jamoasi alohida jonbozlik koʻrsatdi.
Sport zalining tantanali ochilish marosimida mahalla faollari, mehnat faxriylari, taʼlim dargohi oʻqituvchi va oʻquvchilari hozir boʻldilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati