Universitet yana bir yangi yotoqxonasiga ega bo‘ldi
2024-10-28 10:50:00 / Yangiliklar

Tadbirda universitet rektori Obidjon Hamidov, O‘zbekiston Qahramoni Muhammad Ahmedov va boshqalar so‘zga chiqib, talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ayniqsa, yashash sharoitlarini yaxshilash, turar-joy bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini ta’kidladilar.
Yurtimizning barcha viloyatlarida oliy ta’lim muassasalarida talaba-yoshlarni zamonaviy turar joy bilan ta’minlashning shaffof va samarali tizimi joriy etilib, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan talabalar turar joylarini qurish uchun qo‘shimcha shart-sharoit yaratilayotgani, xususan, viloyatimizda ham talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ayniqsa, yashash sharoitlarini yaxshilash, turar-joy bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani e’tirof etildi.
Shuningdek, ochilish marosimida qurilish ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan pudratchi “21 asr” aksiyadorlik jamiyati rahbari Anvar Quvondiqovga minnatdorlik bildirildi. To‘rt qavatli mazkur yotoqxona qurilishi umumiy qiymati 19 milliard so‘mga moliyalashtirilgan bo‘lib, unda talabalarning risoladagidek yashab, tahsil olishlari uchun barcha qulaylik muhayyo qilingan.
Jumladan, yuvinish va kir yuvish xonalari, qishki mavsum uchun alohida isitish qozonxonasiga ega yotoqxona binosini zarur qattiq va yumshoq mebel, zarur inventarlar bilan jihozlash uchun universitet mablag‘lari hisobidan 2 milliard so‘m sarflangan. Bugunga kelib bu ko‘rkam inshootda bo‘lg‘usi yosh mutaxassislar uchun ma’naviyat-ma’rifat xonalari, internet-kompyuter xonalari, har bir qavatda ikkitadan oshxona va kir yuvish, dazmollash xonalari shay qilingan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati