Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi
2024-09-19 17:40:00 / Yangiliklar
Sessiya ishida viloyat sektorlari rahbarlari, viloyat boshqarmalari, tashkilotlari va muassasalari rahbarlari, siyosiy partiyalar, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, jamoat tashkilotlari, viloyat hokimligi bo‘linmalari mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, hududiy studiyalardan ham tegishli mas’ullar videokonfrensaloqa orqali sessiya ishini kuzatib borishdi.
Sessiyani xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi, viloyat hokimi Botir Zaripov boshqarib bordi.
Sessiyada dastlab xotin-qizlarni har taraflama qo‘llab- quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash borasidagi dolzarb vazifalar to‘g‘risida viloyat hokimining o‘rinbosari Feruza Ibragimovaning hisoboti eshitildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2024 yil 17 iyul kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida soliq organlariga yuklatilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining murojaatnomasi haqida viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Yuldashevning hisoboti tinglandi. Shuningdek, Buxoro shahrining ekologik master rejasini tasdiqlash to‘g‘risida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mas’ul xodimi Xalilullo Sherimbetov axborot berdi.
Sessiyada shuningdek, viloyatda transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi to‘g‘risida viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Rajabov, Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga qo‘shish taklifi to‘g‘risida Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi raisi Abira Xuseynovalar axborot berdi.
Sessiyada qolaversa, viloyat hokimi Botir Zaripov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 31 may - 1 iyun kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar hamda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni bilan belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida deputatlarga axborot berdi.
Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Bu borada deputatlarning fikr-mulohazalari va takliflari eshitildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati