ANDIJON TUMANI IIB BOSHLIG‘I O.X.AKBAROVNING AHOLIGA MUROJAATI
2026-08-14 12:30:00 / Yangiliklar

Andijon tumani IIB boshlig‘i O.X.Akbarovning aholiga MUROJAATI
Hurmatli tumanimiz aholisi!
Sizlarning tinch va osoyishta hayotingizni ta’minlash, jamoat xavfsizligini mustahkamlash hamda huquq-tartibotni qaror toptirish borasida tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
2026-yilning 7 oyi davomida jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘zining ijobiy natijasini berdi.
Joriy yilning yetti oyi yakuniga ko‘ra, tumanimizda umumiy jinoyatchilik 271 tani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga (337 ta) nisbatan 66 taga yoki 19,6 foizga kamayishiga erishildi.
Qayd etilgan 271 ta jinoyatning tarkibiy tahlili:
122 tasi (45,0%) — xodimlarimizning tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlar;
106 tasi (39,1%) — oldini olish mumkin bo‘lgan, ya’ni profilaktika qilinishi lozim bo‘lgan jinoyatlar;
43 tasi (15,9%) — axborot texnologiyalari sohasida sodir etilgan kiberjinoyatlardir.
Garchi axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar ko‘rsatkichi kam bo‘lsa-da, internet tarmog‘idan foydalanishda, bank kartalarining maxfiy ma’lumotlari va kodlarini saqlashda har birimizdan doimiy hushyorlik va ehtiyotkorlik talab etiladi.
Aziz hamyurtlar!
Har qanday shubhali holat, huquqbuzarlik yoki qonunbuzarlikka guvoh bo‘lganingizda, zudlik bilan ichki ishlar organlariga 102 raqami orqali murojaat qilishingizni so‘rayman.
Biz Sizning xavfsizligingiz va osoyishtaligingiz uchun bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz.
Jamiyatda sog‘lom muhitni saqlash va qonun ustuvorligini ta’minlashda barchangizni yaqindan hamkorlikka chaqiraman.
Andijon tumani IIB boshlig‘i
O.X.Akbarov
