Issiqxonalarga “yashil” texnologiyalarni joriy etish uchun imtiyozlar beriladi
2026-10-14 12:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilg‘or ‘yashil’ texnologiyalar asosida issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va aholi tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, energiya tejamkor va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, aholi tomorqa yerlaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan qator imtiyoz va moliyaviy mexanizmlar joriy etiladi.
Issiqxona xo‘jaliklari uchun soliq imtiyozlari
Faoliyatidan olingan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadining kamida 60 foizini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlari uchun 2027-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvarga qadar yuridik shaxslardan olinadigan yer va mol-mulk soliqlari stavkalari 50 foizga kamaytiriladi. Shuningdek, ular aylanmadan olinadigan soliqdan ozod etiladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-noyabrdan 2030-yil 1-aprelga qadar issiqlik energiyasini tejaydigan samarali va ekologik toza “yashil” isitish vositalaridan foydalanadigan issiqxona xo‘jaliklariga subsidiya ajratiladi. Bunda issiqlik nasoslari, geotermal isitish tizimlari, quyosh issiqlik tizimlari va elektr energiyasi asosidagi yuqori samarali isitish uskunalaridan foydalanayotgan xo‘jaliklarning oktabr–mart oylarida issiqxona faoliyati uchun iste’mol qilgan elektr energiyasi qiymatining 50 foizi qoplab beriladi.
Aholi tomorqalaridagi issiqxonalar uchun subsidiyalar
Qarorda aholi tomorqalaridagi issiqxonalarni energiya tejamkor texnologiyalarga o‘tkazish va ularning ekologik barqarorligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan 2030-yil 1-yanvarga qadar Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyo‘l va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida aholi tomorqalaridagi issiqxonalarni isitish uchun quyosh panellari, issiqlik nasoslari, infraqizil isitish moslamalari va boshqa energiya tejamkor uskunalarni xarid qilish hamda o‘rnatish xarajatlarining 40 foizi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi. Subsidiya miqdori 100 million so‘mdan oshmaydi.
Quyosh panellarini xarid qilish va o‘rnatish uchun subsidiya ular issiqlik nasoslari, infraqizil isitish moslamalari yoki boshqa energiya tejamkor uskunalar bilan birgalikda o‘rnatilgan taqdirda ajratiladi. Tegishli uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi orqali amalga oshiriladi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar qo‘llab-quvvatlanadi
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan 2026-yil 1-dekabrga qadar Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyo‘l va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi issiqxonachilikka ixtisoslashgan 50 ta mahallada yangi issiqxonalar tashkil etish choralari ko‘riladi.
“Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan bittadan oilaning xonadonida maydoni kamida 4 sotix bo‘lgan, energiya tejamkor va samarali “yashil” isitish vositalari bilan jihozlangan issiqxona tashkil etish uchun har bir oilaga 200 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Tuman hokimliklari bilan hamkorlikda ushbu issiqxonalardan aholi uchun ko‘rgazmali o‘quv-tajriba maydonlari sifatida samarali foydalanish ham ta’minlanadi.
Imtiyozli kreditlar ajratiladi
Qarorga muvofiq, Markaziy bank tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida Toshkent viloyatida tajriba tariqasida tomorqa va dehqon xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlariga ega jismoniy shaxslarga imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Jumladan, “yashil” texnologiyalarga asoslangan issiqxona qurish uchun 300 million so‘mgacha, mavjud issiqxonalarni zamonaviy ekologik texnologiyalar asosida qayta jihozlash va rekonstruksiya qilish uchun esa 150 million so‘mgacha kredit beriladi.
Kreditlarning 100 million so‘mgacha bo‘lgan qismi garov ta’minotisiz ajratiladi. Shuningdek, har bir sotix hisobiga 5 million so‘mlik qismi naqd pul shaklida beriladi.
Xonadonlarning energiya samaradorligi oshiriladi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Energiya samaradorligi milliy agentligi bilan hamkorlikda 2026-yil 1-dekabrga qadar Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyo‘l va Yuqori Chirchiq tumanlarida issiqxona tashkil etiladigan 50 ta xonadonning devor va tomlarini izolyatsiya qiladi. Shuningdek, ushbu xonadonlar energiya tejamkor deraza va eshiklar hamda geliokollektorlar bilan jihozlanadi.
Zamonaviy ko‘rgazmali issiqxonalar tashkil etiladi
Tijorat banklari “Uzagrostar xolding” kompaniyasi va Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyo‘l va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida kamida 1 gektar yer maydonida “yashil” texnologiyalar asosida zamonaviy issiqxonalar tashkil etadi.
Mazkur issiqxonalar quyosh panellari, issiqlik nasoslari, infraqizil isitish moslamalari va boshqa energiya tejamkor uskunalar bilan jihozlanadi. Ulardan aholini “yashil” texnologiyalarni qo‘llashga o‘rgatish, energiya va suv tejovchi uskunalarni amaliyotga joriy etish hamda yuqori daromadli qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bo‘yicha o‘quv-tajriba maydonlari sifatida foydalaniladi.
Mazkur qaror issiqxona xo‘jaliklarida zamonaviy, energiya tejamkor va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish, ularning barqaror faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholi tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda aholi daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
