Konstitutsiya sahifasi

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI
MUQADDIMA
Biz, Oʻzbekistonning yagona xalqi, inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizni tantanali ravishda eʼlon qilib, demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalariga sadoqatimizni namoyon qilib, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatimizni anglagan holda, davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosiga tayanib, mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini koʻpaytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarini hamkorlik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilib, fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, koʻp millatli jonajon Oʻzbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini taʼminlashni maqsad qilgan holda, ushbu Konstitutsiyani qabul qilamiz va eʼlon qilamiz.
