Alimova Dilorom Agzamovna

1947-yil 25-may
Ma’lumoti: Oliy, tarix fanlari nomzodi (1980), tarix fanlari doktori (1991), professor (2001)
Olim ish olib borayotgan asosiy yo‘nalish: O‘zbekiston davlatchiligi tarixi va tarixshunosligi, jadidchilik tarixi.
Ilm-fandagi yutuqlari: D.Alimova tarix fani nazariyasi va metodologiyasi, madaniyatshunoslik va tarixshunoslik muammolari, O‘zbekiston davlatchiligi tarixi, shuningdek, Yangi va Eng yangi davrlar tarixining turli jihatlari sohasida yetakchi va tan olingan tadqiqotchi hisoblanadi.
Uning ilmiy ishlanmalari O‘zbekistonning XVI asrdan XX asrgacha bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy tarixi, XIX asr oxiri - XX asr boshlarida Markaziy Osiyodagi taraqqiyparvar-islohotchilik harakatlari, O‘zbekistonda "ayollar masalasi"ning holati va uning evolyutsiyasi, tarix fanining tarixi va metodologiyasi muammolari, shuningdek, O‘zbekistonning eng qadimgi davrlardan hozirgi kungacha bo‘lgan davlatchilik tarixi va uning nazariy jihatlarini tadqiq etish bilan bog‘liq. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston davlatchiligi tarixi konsepsiyasini ishlab chiqishda bevosita qo‘llanildi hamda o‘quv-tarbiya jarayoniga, xususan, o‘quv va o‘quv-uslubiy adabiyotlarni tayyorlashda keng joriy etildi.
Joriy loyihalar/ilmiy ishlar: Ijtimoiy antropologiya va Turkistondagi jadidchilik madaniy-islohotchilik harakatining g‘oyaviy mazmuni: Yevroosiyo jarayonlarining ta’siri.
Ilmiy muassasadagi jamoat ishlari. U bir necha yillar Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini berish komissiyasi, darsliklar va tarixiy adabiyotlarni nashr etish va qayta nashr etish komissiyasi, Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi a’zosi, qo‘mita huzurida tashkil etilgan ma’naviyat va ma’rifat bo‘yicha guruh raisi bo‘lib, xotin-qizlar o‘rtasida keng targ‘ibot ishlarini olib bordi.
