Buxoro va Navoiy suv havzalarida qanday baliqlar yashamoqda?
2026-11-19 11:10:00 / Yangiliklar

Qaysi suv havzasida nechta baliq turi bor?
- To‘dako‘l suv ombori (Navoiy): 23 tur
- Zamonbobo ko‘li (Buxoro): 21 tur
- Sho‘rko‘l suv ombori: 19 tur
- Qoraqir va Oyoqog‘itma ko‘llari: 14 turdan
- Dengizko‘l: 13 tur
Aniqlangan baliqlarning 12 tasi sanoat va ovchilik ahamiyatiga ega. Asosiy ovni zog‘orabaliq (sazan), kumush tovonbaliq (karas), Orol chavoqbalig'i (vobla), Sharq oqchasi (lesh), oq va chipor do‘ngpeshona (tolstobik), oq sla (sudak) hamda ilonbosh baliqlar tashkil etmoqda.
Tadqiqotlar har bir ko‘lning o‘ziga xos “ekologik qiyofasi” borligini ko‘rsatdi:
- Eng barqaror hududlar: Amu-Buxoro kanali orqali Amudaryo suvi bilan to‘yinib turadigan To‘dako‘l va Sho‘rko‘l suv omborlarida, shuningdek, Zamonbobo ko‘lida baliqlarning o‘sishi va rivojlanishi uchun eng qulay sharoit saqlanib qolgan.
- O‘rtacha holat: Qoraqir ko‘lida ekologik vaziyat o‘rtacha bo‘lib, bu yerda asosan o‘rta yoshli baliqlar populyatsiyasi shakllangan.
- Xavotirli nuqtalar: Dengizko‘l va Oyoqog‘itma ko‘llarida suvning sho‘rlanishi va ekologik omillar ta’sirida baliqlarning o‘sish sur’ati pasaygan, yirik (katta yoshli) baliqlar esa keskin kamayib ketgan.
Baliq mahsuldorligini oshirish uchun suv havzalariga baliq chavoqlarini shunchaki emas, balki ularning suv osti relefi va ozuqa bazasiga qarab tashlash kerak. Zamonbobo, Qoraqir ko‘llari va To‘dako‘l suv omborida suv o‘tlari ko‘p bo‘lgani sababli ularga oq amur balig‘ini ko‘proq qo‘yib yuborish foydali. Tubi toshloq va gipsli bo‘lgan Sho‘rko‘l hamda To‘dako‘l suv omborlarini esa oq va chipor do‘ngpeshona chavoqlari bilan boyitish yuqori samara beradi.

