REINTEGRATSIYA GRANTLARI TANLOVI TOʻGʻRISIDA EʼLON
2026-10-22 20:00:00 / Eʼlonlar

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining jamgʻarmasi xorijiy ilmiy markazlar va oliy taʼlim tashkilotlarida ilmiy faoliyat yuritayotgan vatandosh olimlarni Fanlar akademiyasi tizimiga jalb etish maqsadida 24 oyga moʻljallangan reintegratsiya grantlari tanlovini eʼlon qiladi.
Tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi
PQ-390-son qarori 2-ilovasining 19-bandi hamda Fanlar akademiyasi Prezidium qarorining 2026-yil 2-oktyabrdagi 39-son qarori asosida oʻtkaziladi.
Tanlovning asosiy maqsadi:
- xorijda ilmiy faoliyat yuritayotgan vatandosh olimlarni Oʻzbekistonga qaytarish va Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlariga jalb etish;
- ularning xalqaro ilmiy tajribasi va ilmiy salohiyatidan mahalliy tadqiqotlarni rivojlantirishda foydalanish;
- Fanlar akademiyasi tizimida yangi ilmiy yoʻnalishlar, laboratoriyalar va ilmiy maktablarni shakllantirish;
- ilgʻor tadqiqot usullari va texnologiyalarini joriy etish;
- yosh olimlar va tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirish;
- xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish;
- ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish va tijoratlashtirishdan iborat.
Tanlovga PQ-390-sonli qarorda belgilab qo'yilgan ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha loyihalar qabul qilinadi:
- Biotexnologiya va gen muhandisligi.
- Aqlli materiallar va nanotexnologiyalar.
- Sunʼiy intellekt, Big Data va kvant texnologiyalari.
- Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi, yashil texnologiyalar.
- Tuproq shoʻrlanishiga qarshi kurashish hamda toza suv.
- Yadroviy fan va radiatsion texnologiyalar.
- Raqamli tabiat.
- Seysmik xavfsizlik.
- Milliy tarix va jamiyat.
- Maʼnaviy meros va raqamli qoʻlyozma
TANLOV SHARTLARI:
Grantning amalga oshirish muddati va ajratiladigan mablagʻ miqdori
Loyihani amalga oshirish muddati 24 oyni tashkil etadi.
Tanlov yoʻnalishlari boʻyicha 2027-yildan boshlab 2 (ikki) yil davomida amalga oshirilishi moʻljallangan tadqiqotlarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 12 000 barobaridan oshmagan miqdorda mablagʻ ajratiladi.
Loyiha doirasida ajratilgan mablagʻlar ilmiy izlanishlar olib borishga, shuningdek, ish haqidan tashqari, umumiy mablagʻning kamida 40 % foizi ilmiy asbob-uskunalar, xom ashyolar hamda boshqa zarur materiallarni xarid qilish va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarga yoʻnaltirilishi lozim, bunda fundamental, shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi loyihalarda mazkur miqdor 20 % foizgacha kamaytirilishi mumkin.
Birinchi yil uchun mablagʻlar shartnoma kuchga kirgandan keyin ajratiladi. Ikkinchi yil uchun moliyalashtirish loyihaning oraliq ilmiy va moliyaviy hisobotlari ijobiy baholanib, Jamgʻarma Kengashi tomonidan tegishli qaror qabul qilinganidan keyin davom ettiriladi.
Tanlovda kimlar ishtirok etishi mumkin?
Tanlovda quyidagi talablarga javob beradigan vatandosh olimlar ishtirok etishi mumkin:
- xorijiy ilmiy markazlar, universitetlar yoki boshqa oliy taʼlim tashkilotlarida ilmiy faoliyat yuritayotgan boʻlishi;
- taklif etilayotgan loyiha mavzusi boʻyicha yetarli ilmiy tajriba va natijalarga ega boʻlishi;
- Oʻzbekistonga qaytib, Fanlar akademiyasi tizimidagi qabul qiluvchi ilmiy tashkilotda loyiha amalga oshiriladigan davrda ilmiy faoliyat yuritish majburiyatini olishi;
- qabul qiluvchi ilmiy tashkilot bilan loyihani amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishgan boʻlishi;
- taqdim etiladigan maʼlumotlar va hujjatlarning haqqoniyligini hamda ishonchliligini kafolatlashi.
Talabgorning yoshi, Xirsh (h-index) indeksi, muayyan kvartilga kiruvchi jurnallarda chop etilgan maqolalari soni yoki boshqa bibliometrik koʻrsatkichlar tanlovda ishtirok etish uchun majburiy cheklov hisoblanmaydi. Ular tegishli fan sohasining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, talabgorning ilmiy salohiyatini baholashda inobatga olinishi mumkin.
Qabul qiluvchi tashkilot Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilot boʻlishi hamda:
- talabgorni qabul qilish va loyihani amalga oshirishga rozilik bildirishi;
- loyiha uchun zarur laboratoriya, asbob-uskunalar, ish joyi va mavjud ilmiy infratuzilmadan foydalanish imkoniyatini taʼminlashi;
- loyiha gʻolibi bilan mehnat yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shartnomaviy munosabatlarni rasmiylashtirishi;
- loyiha jamoasini shakllantirish va yosh tadqiqotchilarni jalb qilishga koʻmaklashishi;
- loyiha mablagʻlarining alohida hisobini yuritishi va ulardan maqsadli foydalanilishini taʼminlashi;
- loyihani amalga oshirish va uning natijalarini joriy etish uchun zarur tashkiliy shart-sharoitlarni yaratishi lozim.
Fanlar akademiyasi tizimiga kirmaydigan tashkilot tanlov doirasida qabul qiluvchi tashkilot boʻla olmaydi.
Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- Belgilangan shakldagi ariza.
- Talabgor toʻgʻrisida maʼlumotnoma - CV.
- Shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
- Vatandosh maqomini tasdiqlash imkonini beruvchi hujjatlar yoki maʼlumotlar.
- Xorijiy ilmiy yoki oliy taʼlim tashkilotida ilmiy faoliyat yuritilayotganini tasdiqlovchi hujjat.
- Ilmiy daraja toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi (mavjud boʻlsa).
- Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda xorijda olingan ilmiy darajani tan olishga (nostrifikatsiya qilishga) oid hujjat.
- Asosiy ilmiy natijalar, nashrlar, patentlar va ishlanmalar roʻyxati.
- Belgilangan shakldagi loyiha pasporti.
- Loyihani 24 oy davomida amalga oshirish boʻyicha kalendar reja.
- Loyihaning maqsadli koʻrsatkichlari va kutilayotgan natijalari.
- Xarajatlar smetasi va xarajatlarni asoslovchi maʼlumotlar.
- Qabul qiluvchi tashkilot ilmiy kengashining loyihani qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi qarori yoki bayonnomasidan koʻchirma.
- Qabul qiluvchi tashkilotning zarur shart-sharoitlarni taʼminlash toʻgʻrisidagi kafolat xati.
- Ayni bir xarajatlar boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilmaganligi toʻgʻrisida talabgor va qabul qiluvchi tashkilotning kafolat xati.
- Manfaatlar toʻqnashuvi mavjud emasligi toʻgʻrisida deklaratsiya.
- Zarur hollarda ilmiy etika, biologik, ekologik, radiatsiya yoki boshqa xavfsizlik talablariga muvofiq ruxsatnoma va xulosalar.
- Tanlov eʼlonida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar.
Xorijiy tilda rasmiylashtirilgan hujjatlarga, zaruratga koʻra, ularning oʻzbek tilidagi tarjimasi ilova qilinadi.
Taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va toʻgʻriligi uchun talabgor va
qabul qiluvchi tashkilot javobgar hisoblanadi.
Loyihaga qoʻyiladigan asosiy talablar
Taqdim etiladigan loyiha:
- dolzarb ilmiy yoki ilmiy-texnik muammoni hal etishga qaratilgan;
- aniq maqsad, vazifa va oʻlchanadigan (aniq) natijalarga ega;
- ilmiy yangilik va amaliy ahamiyatga ega;
- 24 oy ichida amalga oshirish mumkin boʻlgan;
- asoslangan ish rejasi va xarajatlar smetasiga ega;
- qabul qiluvchi tashkilotning ilmiy yoʻnalishlari va infratuzilmasiga muvofiq;
- mahalliy ilmiy salohiyatni oshirishga xizmat qiladigan;
- yosh olimlar va tadqiqotchilarni jalb etishni nazarda tutgan;
- xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadigan;
- natijalarni eʼlon qilish, patentlash, joriy etish yoki tijoratlashtirish imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.
Loyihaga mablagʻlaridan foydalanish
Grant mablagʻlaridan tasdiqlangan smeta doirasida quyidagi maqsadlarda foydalanish mumkin:
- loyiha rahbari va ijrochilar mehnatiga haq toʻlash;
- ilmiy asbob-uskunalar, laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasini xarid qilish;
- dasturiy taʼminot va maʼlumotlar bazalaridan foydalanish huquqini xarid qilish;
- reaktivlar, reagentlar, xomashyo, sarflash materiallari va butlovchi qismlarni xarid qilish;
- tadqiqot uchun zarur ishlar va xizmatlarga haq toʻlash;
- loyiha maqsadlariga bevosita bogʻliq respublika va xorijiy xizmat safarlari xarajatlarini qoplash;
- ilmiy natijalarni chop etish, patentlash, sertifikatlash va rasmiylashtirish;
- loyiha gʻolibining Oʻzbekistonga qaytib kelishi bilan bevosita bogʻliq, tasdiqlangan meʼyorlar doirasidagi xarajatlarni qoplash;
- Nizom va tasdiqlangan smetada nazarda tutilgan boshqa xarajatlarni amalga oshirish.
Loyiha mablagʻlaridan loyihaga bogʻliq boʻlmagan xarajatlarni, tashkilotning mavjud qarzdorliklari, penya va jarimalarini qoplash, loyihaga jalb etilmagan xodimlarni ragʻbatlantirish, shuningdek, bir xil xarajatlarni boshqa manbalar hisobidan takroran moliyalashtirish uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Loyihalarni koʻrib chiqish va baholash
Hujjatlarni qabul qilish muddati tugaganidan keyin ular Nizom talablariga muvofiqligi yuzasidan dastlabki texnik tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Loyiha mazmuniga taʼsir qilmaydigan rasmiy yoki texnik kamchiliklar aniqlangan taqdirda, talabgorga ularni 5 (besh) ish kuni ichida bartaraf etish imkoniyati beriladi.
Dastlabki tekshiruv (saralash) bosqichidan oʻtgan loyihalar mustaqil ekspertlar tomonidan 100 ballik tizimda quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
|
T/r |
Baholash mezoni |
Eng koʻp ball |
Ekspert balli |
|---|---|---|---|
|
1. |
Reintegratsiya samarasi, yosh tadqiqotchilar va xalqaro hamkorlikka taʼsiri |
25 |
|
|
2. |
Talabgorning ilmiy salohiyati, xorijdagi ilmiy tajribasi va natijalari |
25 |
|
|
3. |
Loyihaning dolzarbligi, ilmiy yangiligi va ustuvor yoʻnalishlarga muvofiqligi |
20 |
|
|
4. |
Kutilayotgan ilmiy va amaliy natijalar hamda ularni joriy etish imkoniyati |
15 |
|
|
5. |
Loyihani amalga oshirish imkoniyati va xarajatlar smetasining asoslanganligi |
15 |
|
|
JAMI |
100 |
|
|
Har bir loyiha kamida ikki nafar ekspert tomonidan baholanadi. Ekspertlarning baholari oʻrtasida Nizomda belgilangan miqdordan ortiq farq mavjud boʻlsa, loyiha qoʻshimcha ravishda uchinchi ekspertga taqdim etiladi.
Yakuniy bahosi belgilangan oʻtish ballidan past boʻlgan loyihalar moliyalashtirish uchun tavsiya etilmaydi.
Gʻoliblar ekspert baholari, loyihalar reytingi qarori bilan aniqlanadi.
Tanlov natijalarini eʼlon qilish
Tanlov natijalari prezidiumi qarori rasmiylashtirilgan kundan boshlab 5 (besh) ish kuni ichida Fanlar akademiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Eʼlonda gʻolibning familiyasi, ismi va otasining ismi, loyiha nomi, qabul qiluvchi tashkilot, amalga oshirish muddati va ajratilgan mablagʻ miqdori koʻrsatiladi.
Talabgor tanlov jarayonida Nizom talablari buzilgan deb hisoblasa, natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab 5 (besh) ish kuni ichida asoslantirilgan eʼtiroz murojaat taqdim etishi mumkin.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar yuborish:
Tanlov doirasida arizalar 2026-yilning 22-oktyabr kunidan 2026-yilning 22-noyabr kuni soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi.
Tanlovga taqdim etiladigan arizalar belgilangan hujjat shakllari asosida toʻldirilib, elektron holda loyiha.academy.uz platformasida topshirilishi lozim, hujjatlarning qogʻoz nusxalari ham Fanlar akademiyasi Prezidiumida (209-xona) har kuni soat 9:00 dan 18:00 gacha qabul qilinadi.
Belgilangan muddatdan keyin taqdim etilgan yoki toʻliq boʻlmagan hujjatlar koʻrib chiqilmaydi, Nizomda texnik kamchiliklarni bartaraf etish uchun belgilangan holatlar bundan mustasno.
Bir talabgor tanlovga 1 ta (bitta) loyiha taqdim etishi mumkin.
