O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi delegatsiyasi Qozon federal universitetining ilmiy-ta’limiy salohiyati bilan tanishdi
2026-10-11 19:35:00 / Yangiliklar

Qozon shahriga amalga oshirilgan ishchi tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.A. Ayupov boshchiligidagi delegatsiya Qozon (Volgabo‘yi) federal universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad universitetning ilmiy-tadqiqot faoliyati, zamonaviy ta’lim yondashuvlari, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish tajribasi bilan tanishish hamda fundamental fanlar, raqamli texnologiyalar va yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif dasturi doirasida delegatsiya dastlab taniqli matematik Nikolay Ivanovich Lobachevskiy nomidagi Matematika va mexanika institutida bo‘ldi. Institut faoliyati bilan tanishish chog‘ida matematika va mexanika sohalarida mutaxassislar tayyorlash, fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy maktablar an’analarini davom ettirish hamda ilmiy salohiyatni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi. Bakalavriat, magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlarini qamrab olgan institut faoliyati fundamental fanlarning zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar taraqqiyotidagi muhim o‘rnini namoyon etadi.
Shundan so‘ng delegatsiya Axborot texnologiyalari va intellektual tizimlar instituti (ITIS) faoliyati bilan tanishdi. Institutda raqamli texnologiyalar, axborot tizimlari, intellektual yechimlar va robototexnika sohasida mutaxassislar tayyorlash, ta’lim jarayonini amaliy loyihalar bilan uyg‘unlashtirish hamda yetakchi IT-kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Uchrashuv davomida raqamli iqtisodiyot ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, sun’iy intellekt va intellektual tizimlar yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Delegatsiya universitetda faoliyat yurituvchi N.I. Lobachevskiy muzeyiga ham tashrif buyurdi. Muzey ekspozitsiyasi buyuk matematikning hayoti va ilmiy faoliyati, uning jahon matematikasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida ma’lumot beradi. Xususan, noyevklid geometriyasining yaratilishi va rivojlanishi bilan bog‘liq ilmiy meros Lobachevskiyning jahon ilm-fani tarixidagi alohida o‘rnini yaqqol namoyon etadi. Muzey bilan tanishish fundamental ilmiy merosni asrab-avaylash, ilmiy tafakkur an’analarini davom ettirish va ularni yosh avlodga yetkazish muhimligini yana bir bor ta’kidladi.
Tashrifning navbatdagi manzili Qozon federal universiteti tarixi muzeyi bo‘ldi. Muzey ekspozitsiyalari universitetning tashkil topishi va ko‘p asrlik taraqqiyot yo‘li, uning rivojiga hissa qo‘shgan olimlar, shakllangan ilmiy maktablar hamda ta’lim va fan sohasidagi muhim yutuqlarni aks ettiradi. Universitetning boy ilmiy-ma’rifiy merosi bilan tanishish tarixiy tajriba va zamonaviy tadqiqotlar uzviyligini ta’minlash, ilmiy an’analarni rivojlantirish hamda yosh avlodning ilm-fanga qiziqishini oshirish borasidagi tajribani o‘rganish imkonini berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi delegatsiyasining Qozon federal universitetiga tashrifi xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash, ilg‘or ilmiy-ta’limiy tajribalarni o‘rganish va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.




