JADIDCHILIK MEROSI VA ILMIY NASHRLAR TAQDIMOTI O‘TKAZILDI
2026-10-13 17:55:00 / Yangiliklar

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi tomonidan kitoblar taqdimoti tashkil etildi.
Taqdimotda quyidagi ilmiy asarlar keng jamoatchilikka tanishtirildi:
“Germaniyada Turkiston adabiyoti” — Temur Xo‘ja o‘g‘li, Shahnoza Madayeva va Shahnoza Nazarova muallifligidagi ushbu kitobda Turkiston jadidlarining Germaniyadagi faoliyati, ilmiy-adabiy merosi hamda xorijiy ilmiy-madaniy aloqalari yoritilgan.
“Collectivization Generation: Oral Histories of a Social Revolution in Uzbekistan” — amerikalik tadqiqotchi Marianne Kampning monografiyasi Sovet O‘zbekistonida kollektivlashtirish jarayonini insonlar xotiralari va hayotiy tajribalari asosida o‘rganishga bag‘ishlangan.
“Jadid falsafasi va milliy identiklik” — Shahnoza Madayeva muallifligidagi monografiyada jadidchilikning falsafiy asoslari, milliy o‘zlikni anglash va milliy tafakkur rivoji masalalari tahlil etilgan.
Tadbirda olimlar, ilmiy tadqiqotchilar, mutaxassislar, loyiha a’zolari va kitobxonlar ishtirok etib, taqdim etilgan nashrlarning ilmiy-amaliy ahamiyati, ularning milliy tariximizni chuqur o‘rganishdagi o‘rni hamda jadidlar merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Jadidlar merosini o‘rganish — milliy o‘zlikni anglash, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish va kelajak avlodning ilmiy tafakkurini rivojlantirishning muhim omilidir.
Mazkur taqdimot ilmiy-ma’rifiy muloqotni rivojlantirish, ilmiy nashrlarni keng targ‘ib qilish va jadidchilik merosining milliy hamda umuminsoniy ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qildi.
