O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi delegatsiyasi Tatariston Respublikasi raisi bilan uchrashuvda ishtirok etdi
2026-10-08 11:45:00 / Yangiliklar

Qozon shahriga amalga oshirilgan ishchi tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.A. Ayupov boshchiligidagi delegatsiya Tatariston Respublikasi raisi R.N. Minnixanov bilan uchrashuvda ishtirok etdi.
Uchrashuv Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashkil topganining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar doirasida Tatariston Respublikasi Hukumat uyida bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya Federatsiyasining federal va hududiy davlat hokimiyati organlari vakillari, yetakchi ilmiy muassasalar, shuningdek, xorijiy ilmiy hamjamiyatlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va boshqa mamlakatlarning ilmiy-akademik doiralari vakillari qatnashdi. Bu yubiley tadbirlarining xalqaro ahamiyatini hamda davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishda ilmiy diplomatiyaning muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.A. Ayupov O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlikning yuqori darajasi va izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning fan, ta’lim va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘rsatayotgan alohida e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
O‘z nutqida Sh.A. Ayupov O‘zbekiston Respublikasida Prezident tashabbusi bilan fan va innovatsion faoliyat sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ham ma’lumot berdi. Mamlakat ilmiy hamjamiyati oldiga ilmiy-texnologik salohiyatni yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyotning amaliy tarmoqlari va jamiyat hayotiga faol joriy etish bo‘yicha strategik va keng ko‘lamli vazifalar qo‘yilgani ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Tatariston ilmiy muassasalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada mustahkamlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, istiqbolli ilmiy-ta’limiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida Tatariston Respublikasi raisi R.N. Minnixanov O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.A. Ayupovga davlat mukofotini topshirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi delegatsiyasining Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasining 35 yilligiga bag‘ishlangan yubiley tadbirlaridagi ishtiroki ikki mamlakat ilmiy muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va yangi istiqbolli yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun muhim imkoniyatlar yaratmoqda.





