Nomli stipendiyalar tanlovi
2026-09-15 18:00:00 / Eʼlonlar

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlarda tahsil olayotgan tayanch doktorantura izlanuvchilari uchun quyidagi nomli stipendiyalar tanloviga arizalar qabul qilinishi eʼlon qilinmoqda:
- fizika-matematika va texnika fanlari yoʻnalishi boʻyicha – akademik Saʼdi Sirojiddinov nomidagi stipendiya;
- kimyo-biologiya va tibbiyot fanlari yoʻnalishi boʻyicha – akademik Obid Sodiqov nomidagi stipendiya;
- ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʻnalishi boʻyicha – akademik Yahyo Gʻulomov nomidagi stipendiya.
Arizalar Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlardagi tayanch doktoranturada izlanuvchilaridan 2026 - yil 21 - sentabrdan 21 - oktabrga qadar talabgor tahsil olayotgan tashkilotning rasmiy xati asosida qabul qilinadi.
Tanlovda tayanch doktoranturaning birinchi va ikkinchi bosqichlarida tahsil olayotgan hamda tegishli bosqichni 2026 - yilda yakunlaydigan izlanuvchilar ishtirok etishi mumkin.
Tayanch doktoranturadan chetlashtirilgan yoki taʼlim olish jarayoni qonunchilikka muvofiq vaqtincha toʻxtatilgan shaxslar tanlovda ishtirok etmaydi.
Talabgorning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- tayanch doktoranturaga qabul qilinganligi, ixtisosligi, dissertatsiya mavzusi va ilmiy rahbari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
- dissertatsiya mavzusi, tadqiqotning dolzarbligi, ilmiy yangiligi, ilmiy ahamiyati, asosiy natijalari va bajarilish holati toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot;
- dissertatsiya mavzusi boʻyicha eʼlon qilingan ilmiy ishlar va boshqa ilmiy natijalar roʻyxati hamda ularning nusxalari;
- intellektual mulk obyektlari, ilmiy ishlanmalar, joriy etish natijalari, ilmiy loyihalar va grantlar, mukofotlar hamda boshqa ilmiy yutuqlar roʻyxati va ularni tasdiqlovchi hujjatlar;
- talabgorning ilmiy faoliyati, shaxsiy hissasi va dissertatsiya ishining bajarilish holati toʻgʻrisida ilmiy rahbar xulosasi.
Arizalarni qabul qilish muddati tugaganidan keyin erishilgan yangi ilmiy natijalar arizalarni koʻrib chiqish va baholash jarayonida hisobga olinmaydi.
Talabgorning arizasi dastlab u tahsil olayotgan tashkilotning ilmiy kengashida quyidagi masalalar yuzasidan koʻrib chiqiladi:
- hujjatlarning toʻliqligi;
- talabgorning tayanch doktorantura izlanuvchisi maqomi;
- dissertatsiya mavzusining tegishli fan yoʻnalishiga muvofiqligi;
- yakka tartibdagi rejaning bajarilish holati.
Ilmiy kengash qaroridan koʻchirma ilmiy kengash qarori bilan tasdiqlangan yakka tartibdagi rejaning bajarilishi toʻgʻrisidagi maʼlumot bilan birga rasmiylashtiriladi.
Ilmiy kengash kotibi talabgorni tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya qilish toʻgʻrisidagi qarordan koʻchirmani arizaga ilova qiladi. Shundan soʻng ariza, unga ilova qilingan hujjatlar hamda ilmiy kengash qaroridan koʻchirma tashkilot rahbarining rasmiy xati bilan Fanlar akademiyasiga yuboriladi.
Eslatma:
Har bir fan yoʼnalishi boʻyicha nomli stipendiya tayanch doktoranturaning ikkinchi yoki uchinchi bosqichida tahsil olayotgan besh nafar izlanuvchiga tayinlanadi.
Nomli stipendiya har bir stipendiatga 12 oy muddatga, har oy mehnatga haq toʼlashning eng kam miqdorining besh baravari miqdorida toʻlanadi.
Tanlov bilan bogʼliq masalalar yuzasidan Fanlar akademiyasining tegishli fan yoʻnalishlari boʻyicha boʻlimlarga quyidagicha murojaat qilinadi:
Fizika-matematika va texnika fanlari yoʻnalishi boʻyicha masʼul xodim: 71 233-68-95;
Kimyo-biologiya fanlari yoʻnalishi boʻyicha masʼul xodim: 71 233-47-91;
Ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʻnalishi boʻyicha masʼul xodim: 71 233-38-02;
Ilmiy kadrlar boʻlimi: 71 236-77-07.
