Monografiya va kitoblar chop etish tanlovi
2026-08-25 15:15:00 / Eʼlonlar

Arizalar 2026-yil 25-avgustdan 15-sentabrga qadar quyidagi ilmiy asarlarni chop etish uchun qabul qilinadi:
monografiyalar;
manbashunoslik nashrlari;
sohaviy va terminologik lug‘atlar;
ilmiy ensiklopedik nashrlar;
ilmiy kataloglar;
akademik nashrlar;
ilmiy kitoblar;
ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar;
ilmiy to‘plamlar.
Arizalar Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotda faoliyat olib boruvchi jismoniy shaxslar yoki Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari tomonidan ish joyidan Fanlar akademiyasiga kiritiladigan rasmiy xatiga asosan ko‘rib chiqiladi.
Ariza bilan birga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
qo‘lyozma;
qo‘lyozmani chop etishga tavsiya etilgan kamida ikkita taqriz;
rejalashtirilgan qiymatni asoslovchi hujjatlar;
nashrning o‘ziga xoslik ko‘rsatkichini tasdiqlovchi hisobot;
ilmiy asarni tarqatish varaqasi;
buyurtmachining ilmiy asar chop etilganidan so‘ng uni tarqatish varaqasida ko‘rsatilgan tashkilotlarga yetkazilishi to‘g‘risida kafolat xati;
ilmiy asarni bosma shaklda chop etishga tavsiya qilish to‘g‘risida buyurtmachining ilmiy kengashi qaroridan ko‘chirma.
Dolzarb ilmiy tadqiqot natijalariga oid monografiya va kitoblar chop etish xarajatlarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida nizom talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan ariza va taqdim etilgan hujjatlar quyidagi talablarga muvofiq bo‘lganida tegishli fan yo‘nalishidagi ilmiy-texnik kengashlar tomonidan ko‘rib chiqiladi:
1. Fanlar akademiyasiga kiritishdan oldin tashkilotlar tomonidan Nizom talablariga muvofiq hujjatlar to‘liq va belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
2. Nashr qilish uchun tayyorlangan, mazmunan va tahririy jihatdan yakuniy holatga keltirilgan qo‘lyozma Microsoft Wordda tayyorlangan fayl shaklida taqdim etiladi.
3. Qo‘lyozmani chop etishga tavsiya etuvchi kamida ikkita taqriz taqdim etiladi, bunda taqrizlarning ko‘pi bilan bittasi rasmiy xatni bergan tashkilot (buyurtmachi) da faoliyat olib borayotgan shaxs tomonidan beriladi.
Taqriz ilmiy asar hammuallifi, talabgorning bevosita rahbari yoki uning bevosita bo‘ysunuvidagi shaxs tomonidan berilmaydi.
4. Chop etish xizmatlarining rejalashtirilgan qiymati potensial ijrochilarning tijorat takliflari va raqobat varaqasi bilan asoslantiriladi.
5. Nashrning o‘ziga xoslik ko‘rsatkichini tasdiqlovchi hisobot taqdim etiladi va ushbu ko‘rsatkich kamida 70 foizni tashkil etishi kerak.
Nashrning o‘ziga xoslik ko‘rsatkichi plagiatni aniqlash bo‘yicha antiplag.uz tizimida “OAK talablari bo‘yicha ilmiy asarni tekshirish” opsiyasidan foydalangan holda baholanadi.
6. Buyurtmachining ilmiy asarni tarqatish varaqasiga muvofiq tashkilotlarga yetkazilishi to‘g‘risida kafolat xatida ilmiy asarni tarqatish tashkilotning o‘z mablag’lari hisobidan amalga oshirilishi va muallifga yuklatilmasligi nazarda tutiladi.
7. Ilmiy asarni bosma shaklda chop etishga tavsiya qilish to‘g‘risida tashkilot ilmiy kengashi qaroridan ko‘chirma taqdim etiladi.
Bunda ilmiy kengash qarorida asarning bosma nashrga tayyorligi, uni chop etish zarurati, ilmiy ahamiyati va maqsadga muvofiqligi asoslantirilishi, tarqatish varaqasi, bosma nashrning asosiy parametrlari, rejalashtirilgan qiymati mavjudligi tasdiqlanishi kerak.
Ilmiy kengash qarori bilan quyidagilar tasdiqlanadi:
a) ilmiy asarni tarqatish varaqasi;
b) ilmiy asarning quyidagilar ko‘rsatilgan tavsifi:
nomi va muallifi (mualliflari);
nashr turi;
chop etiladigan nusxalar soni;
hajmi (betlar soni);
formati;
tili;
jildlar soni;
jildlash turi;
bosma usuli;
rangli yoki oq-qora bosma ekani;
qog‘oz va muqovaning asosiy texnik xususiyatlari;
zarur bo‘lgan boshqa texnik parametrlar;
rejalashtirilgan qiymat.
8. Arizada ilmiy asarni chop etish boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish uchun murojaat etilmaganligi ko‘rsatiladi.
Qo‘shma moliyalashtirish rejalashtirilgan taqdirda tegishli xarajatlar alohida ko‘rsatiladi.
Tanlov bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha Fanlar akademiyasining tegishli fan yo‘nalishlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Fizika-matematika va texnika fanlar yoʻnalishi boʻyicha mas’ul xodim – +99871 233-68-95
Kimyo-biologiya fanlar yoʻnalishi boʻyicha mas’ul xodim – +99871 233-47-91
Ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʻnalishi boʻyicha mas’ul xodim – +99871 233-38-02
