RASMIY MUNOSABAT: Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi yangi binoda ish boshlaydi
2026-07-06 12:15:00 / Yangiliklar

Soʻnggi kunlarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda turli xabarlar va muhokamalar tarqalmoqda. Ayrim maʼlumotlar notoʻgʻri yoki toʻliq boʻlmagan talqinlarda yoritilayotgani jamoatchilik orasida turlicha munosabat va asossiz xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Shu munosabat bilan maʼlum qilamizki, muzeyda amalga oshirilayotgan ishlar uning faoliyatini toʻxtatish yoki madaniy merosga zarar yetkazishga emas, aksincha, noyob qoʻlyozmalar, arxiv materiallari va boshqa muzey boyliklarini yanada ishonchli sharoitda saqlash, ularni raqamlashtirish hamda kelajak avlodlarga beziyon yetkazishga qaratilgan. Amalga oshirilayotgan jarayonlar belgilangan tartib va meʼyoriy hujjatlar asosida tashkil etilmoqda hamda ortiqcha xavotirga hech qanday asos yoʻq.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-maydagi 234-F-sonli farmoyishi doirasida, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyidagi nodir manbalarni asrab-avaylash, ularni kelajak avlodga beziyon yetkazish hamda muzey fondidan oʻrin olgan noyob asar va eksponatlarni raqamlashtirish maqsadida, Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi uchun Yangi Toshkent shahrida bunyod etilayotgan yangi bino ishga tushgunga qadar:
- muzey fondidagi qoʻlyozma va toshbosma manbalar, shuningdek, “Oʻzbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi” fondi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga;
- muzeyning boshqa eksponatlari esa Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga vaqtinchalik saqlash uchun koʻchirib oʻtkazilmoqda.
Bu ishlarning asosiy maqsadi — yangi muzey binosi foydalanishga topshirilgunga qadar bebaho madaniy merosimizni zamonaviy va munosib sharoitlarda saqlash, uning butligi va xavfsizligini taʼminlash hamda keyinchalik Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyining yangi binosiga toʻliq koʻchirishdan iborat.
Jamoatchilikning Adabiyot muzeyini, bebaho madaniy merosimizni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish borasidagi yuksak eʼtibori va xayrixohligi uchun samimiy minnatdorchilik bildiramiz.
Ma’lumot o‘rnida, shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
2026-yilning 9-iyun kuni belgilangan meʼyoriy talablar asosida muzeyning masʼul xodimlari tomonidan muzeyda saqlanayotgan 847 (sakkiz yuz qirq yetti) dona nodir qoʻlyozma manbalar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonalariga koʻchirilib joylashtirildi. Ayni paytda qoʻlyozmalarni muhofaza qilish va vaqtincha saqlash tartibiga oid zarur hujjatlar rasmiylashtirish bosqichida turibdi.
Hozirgi vaqtda muzey tomoshabinlar va tadqiqotchilar uchun vaqtincha yopilgan boʻlsa-da, muassasa xodimlari oʻz xizmat vazifalarini toʻliq bajarmoqdalar. Ayni paytga qadar 1 491 dona toshbosma manba, 439 ta papkadagi foto-nusxalar, 145 ta papkadagi plyonka va negativlar, shuningdek, 1 416 512 ta hujjatni oʻz ichiga olgan “Oʻzbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi” fondi birlamchi xatlovdan oʻtkazildi. Hozirda muzey eksponatlarini birlamchi xatlovdan oʻtkazish ishlari izchil davom etmoqda.
Mazkur ishlar muzey faoliyatini takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va madaniy meros obyektlarini yanada ishonchli muhofaza qilishga qaratilgan. Barcha jarayonlar qonunchilik talablari asosida, masʼul mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Shu sababli jamoatchilikdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan asossiz xabarlarga emas, rasmiy maʼlumotlarga tayanishlarini soʻraymiz.
Fanlar akademiyasi Axborot xizmati
