audio

    12+
    Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyurdi

    O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi (XIDK) prezidenti Marko Archeri bilan uchrashuv o‘tkazildi.

    Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev mehmonni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutladi va uning XIDK prezidenti sifatida O‘zbekistonga ilk tashrifi o‘zaro hamkorlikka doir keng ko‘lamli masalalar yuzasidan fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladi.

    O‘z navbatida Marko Archeri O‘zbekistonga katta rejalar va yangi g‘oyalar bilan kelganligini, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish niyati borligini e’tirof etdi.

    – Bu yerga kelishdan oldin O‘zbekistonda suvdan samarali foydalanish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, nasos stansiyalarini yangilash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish  bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va yutuqlar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdim. Ayniqsa, O‘zbekistonning suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishda mintaqa davlatlari orasida ilg‘or ekani tahsinga sazovor, – dedi Marko Archeri.

    Uchrashuvda Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi GEF agentligi rahbari Vadim Sokolov O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida bajarilgan ishlar haqida taqdimot qildi. Xususan, suvni va elektr energiyasini tejash, raqamlashtirish, davlat-xususiy sheriklik kabi yo‘nalishlarda erishilgan natijalar aytib o‘tildi.

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Kanallarni betonlashtirish bo‘yicha dolzarb yil” deb e’lon qilingani, 1,5 ming km yirik kanallar va 10 ming km kichik hajmli kanallarni betonlashtirish bo‘yicha ish olib borilayotgani haqida so‘z yuritildi.

    Marko Archeri vazirlikning Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyalari, olib borilayotgan ilmiy tadqiqot va izlanishlar, yosh olimlarga yaratilgan sharoitlar, tomchilatib sug‘orish bo‘yicha ko‘rgazma maydonchasi, shuningdek, “Suvchilar maktabi” faoliyati bilan tanishdi.

    XIDKga 100 dan ortiq davlat a’zo. O‘zbekiston 1994-yilda a’zolikka qabul qilingan. Tashkilotning yillik kongresslarida, xalqaro ijroiya kengashi yig‘ilishlarida, suv forumi va konferensiyalarida O‘zbekiston vakillari faol qatnashib keladi.

    Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev 2019-yilda ushbu tashkilot vitse-prezidentligiga 3-yil muddatga saylangan. Hozirda XIDKning faxriy vitse-prezidenti hisoblanadi.

    Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi GEF agentligi rahbari Vadim Sokolov 2023-yilda navbatdagi 3-yil uchun XIDK vitse-prezidentligiga saylandi.

    Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi prezidenti Marko Archeri yurtimizga tashrifi chog‘ida vazirliklar, oliy o‘quv yurtlari, Qarshi, Nukus, Xiva shaharlarida bo‘lib, tadbirlarda ishtirok etadi.

    • view_icon 701