Madaniyat sohasi raqamlashtiriladi, onlayn davlat xizmatlari soni ko‘payadi
2024-01-17 11:25:00 / Yangiliklar
Madaniyat vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ayni paytda ishlab chiqilayotgan yagona axborot tizimi doirasida vazirlik tizimida boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish, tizim tashkilotlari pasporti va reytingini shakllantirish, moddiy texnika bazasi hisobini yuritish, inson resurslarini boshqarish, ijodiy faoliyatni tartibga solish va raqamlashtirishga doir taqdimot taqdim etildi.
Vazir Ozodbek Nazarbekov sohani raqamlashtirish orqali korrupsiyaviy omillarning oldini olish, tizimga doir ma’lumotlarni prognozlashtirish, olingan ma’lumotlar kelgusidagi rejalarni to‘g‘ri shakllantirish imkonini berishini alohida ta’kidladi.
“Agar bu tizim ishga tushsa, qayerda g‘ijjakchi ko‘payib ketyapti, qayerda dutorchilarni tayyorlash oqsayapti, barchasini besh qo‘lday bilishimiz va ushbu ma’lumotlar asosida davlat kvotalari miqdorini shakllantirish mumkin bo‘ladi. Qolaversa, sohadagi vaziyatni oldindan ko‘ra bilish, shunga qarab kelgusidagi rejalarimizni prognozlashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi”, deya ta’kidladi Ozodbek Nazarbekov.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan mas’ullar sohani raqamlashtirish orqali vazirlik tomonidan ko‘rsatiladigan bir qancha davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish imkoni yaratilishi, bu esa, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, xalqimizni rozi qiladigan tizim yaratilishiga xizmat qilishini bildirishdi.
Yangi tizim to‘liq ishga tushgandan so‘ng respublikadagi barcha musiqa va san’at maktablari, vazirlik tizimidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalaridagi o‘quvchi hamda talabalar, pedagoglarning tarkibi, ularning erishgan natijalari, qaysi hududda san’atning qaysi turi rivojlanayotganiyu qaysi turi oqsayotganiga doir barcha ma’lumotlardan foydalanish mumkin bo‘ladi.
“Bu tizim respublikamizdagi yosh iste’dodlarni kuzatib borish, munosib rag‘batlantirish, tanish-bilishchilik va boshqa omillar tufayli ular yarim yo‘lda rivojlanmay qolib ketmasligi, kelgusida san’at va madaniyat yo‘nalishidagi o‘rta maxsus yoki oliy ta’lim muassasalariga faqat munosib nomzodlar qabul qilinishiga erishish uchun ham muhim. Iste’dodlarni turli qing‘irliklar qurboni bo‘lishdan asrab-avaylashimiz kerak. Bu jarayonda esa raqamlashtirishning o‘rni juda muhim. Kelgusida yangi tizim ishga tushgach, hududlarga borib mutasaddilarga eng iste’dodlari yoshlarni ko‘rsating deyishimizga hojat qolmaydi, qo‘limizda bu ma’lumot bo‘ladi. Mas’ullar ham “o‘zinikini” bizga “eng yaxshilar” sifatida taqdim eta olmaydi”, deydi madaniyat vaziri.
Yig‘ilishda vazirning birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, vazir o‘rinbosari Murodjon Madjidov va boshqa mutasaddilar yangi axborot tizimini takomillashtirish, uning muayyan qismidan aholi foydalanishi uchun imkoniyat yaratish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.