Yurtimizda oq jo‘xoridan shakar olish imkoniyatlari muhokama etildi
2024-01-12 09:35:00 / Yangiliklar
Shu bois keyingi yillarda agrar sohani tubdan isloh qilish va uni bozor talablariga moslashtirish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Har qanday rivojlangan davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatidagi eng asosiy masalalardan biri, bu — aholini sifatli va arzon narxdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘lib qolmoqda.
Binobarin, bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida tashkil etilgan yig‘ilishda ham ayni shu masalalar xususida so‘z yuritildi.
Jumladan, mazkur yig‘ilishda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, shakar importini qisqartirish va narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida yurtimizda oq jo‘xori (sorgo) o‘simligini yetishtirish, uni qayta ishlagan holda shakar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama markazida bo‘ldi.
Aytish kerak, o‘zbek olimlari tomonidan oq jo‘xori seleksiyasi natijasida bir qancha mahalliy navlar (“O‘zbekiston-18”, “Qorabosh”, “Oranjeviy-160”) yaratilgan. Tajribalar ushbu navlar sho‘rlangan tuproqlarga ekilganida qandlilik darajasi 2-3 foizga oshganligi ko‘rsatgan. Oq jo‘xori poyasi tarkibidagi shakar miqdori 10-20 foizni, saxaroza miqdori 10-12 foizni tashkil etadi. Poyasidan olinadigan sharbatdan jigarrang (qo‘ng‘ir) shakar hamda oziq-ovqat sanoatida shakar o‘rnini bosuvchi jo‘xori qiyomi ishlab chiqariladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, sorgo o‘simligini yetishtirish va undan shakar olish va unga ketadigan xarajat hamda kutilayotgan natija borasida ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida mas’ul ishchi guruh xodimlari tomonidan Xitoy tajribasi hamda respublika miqyosida takroriy ekin sifatida ekish imkoniyatlari o‘rganiladi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va qolgan viloyatlardagi yerning unumdorligi va sho‘rlanganlik darajasidan kelib chiqqan holda masalaga yechim topish zarurligi qayd etildi.
Albatta, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad qishloq ahlining turmush sharoitini yanada yaxshilash, manfaatdorligini ta’minlashdir. Qisqacha aytganda, qishloq xo‘jaligida shu paytgacha amal qilib kelgan eskicha ish uslubidan butunlay voz kechish, shunchaki xom ashyo yetishtirish manbaiga aylanib qolgan sohani tubdan isloh etish.
Shunda dehqon va fermerning moddiy manfaatdorligi oshadi, joylarda yangi quvvat va ish o‘rinlari yaratiladi. Intilish va ilmiy asoslangan g‘oyalarni amaliyotga joriy etilishi natijasi yangi iqtisodiy munosabatlar paydo bo‘lishiga zamin yaratiladi. Maqsad ham ayni shunday.