Qishloq xo‘jaligi to‘liq raqamlashtiriladi
2023-12-22 09:45:00 / Yangiliklar

Jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida ham raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishni bugungi davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, tarmoq statistikasining shaffof mexanizmini yaratish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilyapti.
Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida tashkil etilgan yig‘ilishda ham ayni shu masalalar xususida so‘z bordi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida “IT infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirish” yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, raqamlashtirish eng avvalo hujjatbozlikni oldini olish, korrupsiyaning oldini olishga va eng muhimi inson omilining chekloviga turtki beradi.
Vazir I.Abdurahmonov o‘z navbatida qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish bo‘yicha ishlar qilinayotganini alohida qayd etar ekan, bunda eng avvalo axborot tizimlari va hukumat portali my.gov.uz o‘rtasidagi integratsiyalashuvni ta’minlash va kerak bo‘lsa bu borada aniq maqsadlarni o‘zida aks ettirgan dastur yoki yo‘l xarita ishlab chiqish zarurligini qayd etdi. Bu masalalarni o‘z vaqtida va tezkorlik bilan ijobiy hal etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish asosini konstruktiv muloqot tashkil etdi. Bunda eng asosiysi hozirgi holatni buzmagan holda galdagi vazifalar yuzasidan qilinadigan ishlarning ko‘lami belgilab olindi.
Zero, bugun qishloq xo‘jaligini raqamlashtirmasdan turib sohada raqobatbardoshlikni oshirish, bu boradagi siyosatni belgilash juda qiyin. Mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, shubhasiz, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, zamonaviy taraqqiyotning yangi qirralarini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.

