Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-04-03 14:20:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston delegatsiyasiga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, turli vazirlik va idoralar rahbarlari kirdilar.
Suhbat davomida amaldagi kelishuvlarning bajarilishi hamda yangi investitsiya loyihalari bo‘yicha ishlarni jadallashtirish chora-tadbirlarini konstruktiv tarzda tahlil qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston so‘nggi 5 yil davomida YeTTBning mintaqadagi eng yirik hamkori bo‘lib kelayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Faqat oxirgi besh yil ichida Bank mamlakatimizga 4,5 milliard yevro sarmoya kiritdi, uning 70 foizi xususiy sektorni rivojlantirishga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun: YeTTB O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaganidan buyon iqtisodiyotning turli tarmoqlarida umumiy qiymati 5,4 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan 173 ta loyiha va dasturni moliyalashtirishni ma’qullagan. Shundan 1,9 milliard yevrolik 20 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lsa, 3,5 milliard yevrolik 14 ta loyiha bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Umumiy qiymati 3,6 milliard yevro bo‘lgan 29 ta loyiha bo‘yicha loyihadan oldingi hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari yakunlanmoqda.
Tomonlarning fikricha, Bank faoliyatining 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasida qabul qilingan strategik yo‘nalishlari O‘zbekistonning “Strategiya – 2030” maqsadlariga yaqinligi hamkorlikni faol rivojlantirish, bankning moliyaviy va texnik ko‘magini ustuvor tarmoqlarda nosuveren asoslarda jalb qilish imkonini beradi.
Shu nuqtayi nazardan, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ayollar tadbirkorligi va yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, bank sektorini rivojlantirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish yo‘nalishlaridagi loyihalar atroflicha muhokama qilindi.
YeTTB delegatsiyasi rahbari muhokama qilingan yo‘nalishlar qatoriga yashil iqtisodiyot va korporativ sektorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritish masalasini qo‘shishni nazarda tutgan holda investitsiyalar hajmini yanada oshirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv, o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga sobit qolishlarini bildirdi.