Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik muhokama qilindi
2025-03-05 09:15:00 / Yangiliklar

Muloqot chog‘ida Suv xo‘jaligi vaziri ushbu nufuzli moliya muassasasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Buxoro viloyatini to‘liq, Navoiy viloyatining Karmana va Qiziltepa tumanlarini suv bilan ta’minlaydigan “Amu-Buxoro-1” nasos stansiyasi Osiyo Taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan yangidan qurilmoqda.
Uchrashuvda “Qashqadaryo viloyatidagi “Ayoqchisoy” va Surxondaryo viloyatidagi “Obizarang” sel-suv omborlarini qurish” loyihasi muhokama qilindi. Loyihaning umumiy qiymati 60,0 mln AQSh dollariga teng bo‘lib, 2025-2028-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Kitob tumanida “Ayoqchisoy” sel-suv omborini qurish orqali Yakkabog‘, Chiroqchi, Qamashi, Shaxrisabz va Kitob tumanlaridagi 25 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minoti yaxshilanadi.
Sariosiyo tumanida “Obizarang” sel-suv omborini qurish orqali Sariosiyo va Uzun tumanlaridagi 10 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minoti barqarorlashadi.
Osiyo taraqqiyot banki missiyasi rahbari Takatoshi Kavamoto loyihani tayyorlashning hozirgi bosqichi, shuningdek bank tomonidan sohaga ajratilishi mo‘ljallangan kredit va grant mablag‘lari haqida ma’lumot berdi.
Muloqot chog‘ida loyihaning texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni jadallashtirish, Osiyo taraqqiyot banki hamda Vazirlik o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish masalalari muhokama qilindi.

