Samarqand "Jahon madaniy turizm poytaxti" deb e’lon qilindi
2023-10-27 15:35:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ishtirokida muhim hujjat imzolandi.
UNWTOning yubiley sessiyasi ochilish marosimida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev Samarqandga “Jahon madaniyati poytaxti” maqomini berish tashabbusini bildirdi va tadbirda qatnashayotgan xorijiy delegatlarni deklaratsiya imzolanishini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi:
– Tashkilot yubiley yig‘ilishining Buyuk Ipak yo‘li gavhari, Yangi O‘zbekistonning yirik sayyohlik markazi bo‘lmish qadimiy Samarqandda o‘tkazilishi chuqur ramziy ma’noga ega. Sharq Uyg‘onish davrining ikki buyuk davri rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Samarqand bugun dunyoning zamonaviy sayyohlik markazlaridan biriga aylanib bormoqda.
Samarqandni “Jahon madaniy turizm poytaxti” deb e’lon qilish va tegishli deklaratsiyani qabul qilish haqidagi tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaysiz, degan umiddaman. Bu yuksak maqom ko‘p asrlar davomida o‘zining betakrorligi va bebaho merosini asrab-avaylab kelayotgan, bag‘rikengligi va mehmondo‘stligi bilan keng tanilgan Samarqandning jahon miqyosidagi shuhratini e’tirof etadi”.
Ta’kidlash joizki, Samarqandga faxriy maqomning berilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan tarixiy shaharning muhim madaniy turizm markazi sifatida e’tirof etilishini anglatadi. Ma'lumot uchun, shaharda turizm infratuzilmasini yaxshilash borasida 1 milliard dollardan ortiq investitsiyalar ajratilgan. Keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkaziladigan joy – “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi ushbu investitsiyalarning yirik loyihalaridan biri hisoblanadi.