audio

    16+
    ShHT hukumatlar rahbarlari kengashining majlisi

    Bugun, 26-oktyabr kuni Qirg‘iz Respublikasi Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti hukumat rahbarlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

    Unda Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Eron birinchi vitse-prezidenti Moxammad Moxber, Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov, Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Qirg‘iziston Bosh vaziri Aqilbek Japarov, Pokiston tashqi ishlar vaziri Jalil Abbas Jilani, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin, Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda ShHT bosh kotibi Chjan Min va Tashkilotning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev ham qatnashdi.

    Kuzatuvchi mamlakatlar va faxriy mehmonlar sifatida majlisda Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko, Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Xojamirat Geldimiradov hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi Sergey Lebedev, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Mixail Myasnikovich ishtirok etdi.

    “Ala-Archa” davlat qarorgohida majlis qatnashchilarini dastlab Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qabul qildi.

    Shundan so‘ng, hukumat rahbarlarining kengaytirilgan tarkibda majlisi bo‘ldi. Uni Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri Aqilbek Japarov ochdi.

    Kun tartibiga muvofiq, dolzarb iqtisodiy va gumanitar masalalar yuzasidan fikr almashildi, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Bugungi kunda ko‘plab davlatlar yangi xavf va tahdidlarning oqibatlarini boshdan kechirmoqda. Bunday murakkab sharoitda barqaror rivojlanishni ta’minlash va xalqlarimiz turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish ShHTning ustuvor vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.

    Joriy yilning iyul oyida Dehli sammiti yakunlari bo‘yicha ko‘plab kelishuvlarga erishildi. Tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dehli sammitida so‘zlagan nutqida ShHT ulkan iqtisodiy imkoniyatlar hududi, barcha mamlakatlarning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi uchun platforma va resurs bazasi ekanligini ta’kidladi.

    Chindan ham, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning ShHTga a’zo davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 22 foiz oshgan.

    Birgina shu yil boshidan buyon O‘zbekistonda ShHTga a’zo davlatlar kompaniyalari ishtirokida mingdan ortiq yangi korxona tashkil etildi va ularning umumiy soni 8 mingga yetdi.

    Davlatimiz rahbari Dehli sammitida Tashkilotning katta salohiyatidan unumli foydallanishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi.

    O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov so‘zlagan nutqida mazkur tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida umumiy sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.

    Ushbu tashabbuslar ShHT doirasida savdo, investitsiya, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, turizm, ekologiya, hududlararo hamkorlik, yoshlar siyosati, sport va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro manfaatli ko‘p tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

    Tadbir yakunida ShHTga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari Qushma kommyunike qabul qildi hamda Tashkilot faoliyatiga tegishli 13 ta hujjatni imzoladi.

    ShHT hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2024-yilda Pokistonda bo‘lib o‘tadi.

    • view_icon 697