audio

    16+
    Koreya Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi

    O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida Koreya Respublikasi atrof-muhit vaziri Xan Xva Djin xonim boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

    Uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va anglashuv tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik darajasigacha ko‘tarilgani, iqtisodiy va boshqa sohalardagi hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani e’tirof etildi.

    Koreya Respublikasi delegatsiya a’zolariga O‘zbekistonda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi doirasida bajarilgan ishlar, iqlim o‘zgarishi sharoitida yuzaga kelayotgan suv taqchilligi bilan bog‘liq muammolarni hal etishda mahalliy va mintaqaviy darajada ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida so‘zlab berildi.

    Sohani raqamlashtirish, xususan, suv tejovchi texnologiyalar, “Aqlli suv” qurilmalari va boshqa axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligi ta’kidlandi. Bu borada Koreya hamkorlik va rivojlanish agentligi (KOICA) bilan yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligi, koreyalik mutaxassislari tomonidan irrigatsiya tarmoqlarida suv sarfini aniqlashga xizmat qiluvchi qurilmalar o‘rnatilgani va suv resurslarini boshqarishda yuqori natijalarni berayotgani qayd etildi.

    Tomonlar kelgusida suv resurslari va atrof-muhitni himoya qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish va bu borada kelishuvlarga erishish masalalarini muhokama qilishdi.

    • view_icon 669