O‘zbekiston “Mastercard Tourism Innovation Hub”ga qo‘shildi
2023-10-18 13:50:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish sohasida strategik hamkorlikni e’lon qildilar va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining “Mastercard” turizm innovatsion markaziga (“Mastercard Tourism Innovation Hub”) qo‘shilishini nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.
Memorandumga Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va Global davlat sektori rahbari, “Mastercard” kompaniyasining strategik rivojlanish bo‘yicha ijrochi vitse-prezidenti Nikola Villa imzo chekdi.
“Vazirlik “Mastercard” bilan hamkorlikni iliq kutib oladi. Bu biz uchun toʻlov infratuzilmasini yaxshilash, mahalliy va xorijiy mehmonlar uchun turar-joylar tajribasini, xarajatlar va sayyohlik oqimi boʻyicha tahliliy maʼlumotlarni o‘rganish imkonini yaratadi. Shuningdek, dunyoning 200 dan ortiq mamlakat va mintaqalarida Mastercard kartalaridan foydalanayotganlar orasida Oʻzbekistonni sayyohlik yoʻnalishi sifatida targʻib qilishda keng istiqbollarni ochib beradi”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Nikolya Vilya esa O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlik istiqbollari haqida gapirdi.
“Biz O‘zbekiston bilan turizm industriyasini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik boshlanganini e’lon qilishdan mamnunmiz. O‘zbekiston nihoyatda boy meros, ajoyib madaniyat va diqqatga sazovor joylari ko‘p. Bu go‘zal mamlakat ulkan salohiyatga ega va biz o‘z texnologik platformamiz, ilg‘or to‘lov yechimlari, xalqaro tajriba, ma’lumotlar tahlili bo‘yicha vakolatlar va boshqa imkoniyatlarimiz yordamida O‘zbekistonning rivojlanishiga hissa qo‘shishimizdan faxrlanamiz”, — dedi "Mastercard" vitse-prezidenti.
Ta’kidlash joizki, "Mastercard" turizm innovatsiyalari markazi O‘zbekistondagi vazirlik va quyi tashkilotlar bilan hamkorlikda hukumat, mahalliy va xorijiy sayyohlar, turizm korxonalari uchun qo‘shma raqamli yechimlarni ishlab chiqadi. Sayohatchilar va kichik biznes uchun xavfsiz, ishonchli va qulay toʻlov infratuzilmasini rivojlantirishga koʻmaklashish, Oʻzbekistonni sayyohlik yoʻnalishi sifatida targʻib qilish tendensiyalarini kuzatish va strategiyalarni ishlab chiqish uchun tahliliy maʼlumotlarni taqdim etish, qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish va ilgʻor jahon tajribasini almashish ham hamkorlik yoʻnalishlariga kiradi.
Ma’lumot uchun, “Mastercard” to‘lovlar va texnologiya sohasidagi yetakchi global kompaniya bo‘lib, hozirda 60 dan ortiq mamlakatda to‘lovlarni raqamlashtirish orqali iqtisodiy o‘sish va rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratilgan 1600 dan ortiq davlat loyihalarini boshqaradi.