O‘zbekiston-Chexiya biznes forumi
2023-10-11 13:30:00 / Yangiliklar
Ikki mamlakat Bosh vazirlari ishtirok etgan biznes-forumda mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiliklarida ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Jumladan, xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinib, ikki yuzdan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilingani, soliqlarning umumiy soni 13 tadan 9 taga, ayrimlarining stavkalari esa ikki barobarga kamaytirilganiga eʼtibor qaratildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonda valyuta bozori liberallashtirildi va daromadlarni repatriatsiya qilish bo‘yicha barcha cheklovlar olib tashlandi. Joriy yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi.
Yirik banklar, sanoat va infratuzilma ob'yektlarini xususiylashtirish dasturi qabul qilindi. Uning doirasida mingga yaqin korxona va yirik ob'yektlar sotuvga chiqarildi.
Energetika, transport, sog‘liqni saqlash, taʼlim, infratuzilmani rivojlantirish va yo‘l qurilishi sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklik tamoyili faol joriy etilmoqda.
Bugungi kunda 90 dan ortiq xorijiy davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgani O‘zbekistonni mintaqadagi eng ochiq davlatga aylantirdi.
Investorlarning huquqini himoya qilish maqsadida investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida alohida qonun qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Biznes ombudsman instituti joriy etildi.
Iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, tadbirkor muayyan davlatga sarmoya kiritishdan avval u yerdagi imkoniyatlarni diqqat bilan o‘rganadi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Hujjatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha qator muhim vazifalar belgilangan.
Strategiyadan asosiy maqsad – ochiq, zamonaviy va jadal rivojlanayotgan davlat qurishdir. Buning uchun O‘zbekistonning yetarlicha imkoniyati bor, umuman olganda, Chexiya biznesining O‘zbekiston bozoriga kirishida katta istiqbollar mavjudligiga eʼtibor qaratildi.
Biznes-forum yakunlari bo‘yicha muhim ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi va imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fiala siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ishonchni oshirish orqali ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollarini nazarda tutuvchi kengaytirilgan hamkorlikni o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar.
Bundan tashqari, delegatsiya rahbarlari ishtirokida hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan quyidagi ikki tomonlama hujjatlar imzolandi:
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida Shaxslarning readmissiyasi va tranziti to‘g‘risida Bitim;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida Shaxslarning readmissiyasi va tranziti to‘g‘risida Bitimning Ijro Bayonnomasi;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish to‘g‘risida Bitim.
Bundan tashqari, O‘zbekiston-Chexiya biznes forumi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida kengaytirilgan hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan bir kator hujjatlar imzolandi.