O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Chexiyaga tashrifi boshlandi
2023-10-10 17:05:00 / Yangiliklar
Bugun, 10-oktyabr kuni Chexiya hukumati uyida O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasini rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Bosh vazir Abdulla Aripov Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fiala boshchiligida ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarni olqishlashini maʼlum qildi.
Chindan ham, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, bozor mexanizmlarini mustahkamlash, bank sohasini rivojlantirish, xususiylashtirishni kengaytirish, huquqiy himoyani kuchaytirish va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘z navbatida, mushtarak maqsadlar va albatta, O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlar chet ellik, shu jumladan, chexiyalik hamkorlar uchun mamlakatimizning jozibadorligini oshiryapti. Buni joriy yil 24-25-aprel kunlari Chexiya Bosh vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar ham tasdiqlaydi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar holati va istiqboldagi vazifalar ko‘rib chiqildi.
Bugun O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 50 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish mamlakatlarimiz uchun birdek manfaatli bo‘ladi.
Taʼkidlanganidek, joriy yilning yanvar-avgust oylarida o‘zaro savdo hajmi qariyb 2,5 barobar o‘sdi. Bunga O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi Preferensiyalar bosh tizimiga (“GSP+”) qo‘shilgani ham yordam berdi.
Biroq, bu ko‘rsatkich mavjud salohiyatga mos emasligi, o‘zaro savdodagi disbalansni to‘g‘rilash bo‘yicha faol ishlash zarurligi qayd etildi.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining yuqori standartlari va texnik reglamentlariga mos keladigan tayyor mahsulotlarni eksport qilishdan manfaatdor.
Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining Yevropa bozorlariga chiqishida yagona “СЕ” (Certification Europe) belgisi bilan sertifikatlash maqsadida sinovdan o‘tkazish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Uchrashuvda shuningdek, investitsiya, qurilish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, transport, bandlik, ta’lim, tibbiyot, turizm kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va uni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.