O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Xitoyga tashrif buyurdi
2023-10-08 13:45:00 / Yangiliklar
“Xanchjou Xuaszya” davlat qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Tsyan boshchiligida hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, O‘zbekiston tomoni Davlatimiz rahbarining XXR Raisi Si Jinpinga yo‘llagan samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 74 yilligi bilan qutladi.
Uchrashuvda Davlatlarimiz rahbarlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqalarimiz mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.
Xitoy O‘zbekistonning ishonchli, vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkoridir.
Savdo-sotiqda muntazam o‘sish suratlari kuzatilmoqda. Xususan, 2022-yilda davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi qariyb 9 milliard dollarni tashkil etdi.
O‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha ikki davlat rahbarlari tomonidan hukumatlar zimmasiga 10 milliard dollarga yetkazish vazifasi yuklatilgan.
Uchrashuvda nafaqat mazkur natijaga erishish, balki o‘zaro savdoni 12-13 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Jumladan, Xitoyga to‘qimachilik, mis, mineral o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi va boshqa turdagi mahsulotlarning eksport hajmini oshirish imkoniyati mavjud.
O‘z navbatida, mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017-yildan buyon O‘zbekistonda 11 milliard dollardan ortiq ushbu davlat investitsiyalari o‘zlashtirildi. Bugungi kunga kelib yurtimizda Xitoy kapitali ishtirokida 2 mingga yaqin qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, “yashil” energetika, avtomobilsozlik, elektrotexnika, rangli va noyob metallarni qayta ishlash, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, agro va suvni tejaydigan texnologiyalar ishlab chiqarish sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi. Buning uchun zamonaviy texnologiyalarga asoslangan O‘zbekiston-Xitoy industrial parkini tashkil etish taklif etildi.
Uchrashuvda bo‘lajak Oliy darajadagi muzokaralar iqtisodiy kun tartibini aniq yangi istiqbolli loyihalar bilan to‘ldirish, erishilgan kelishuvlar ijrosi holati yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Shuningdek, Xanchjouga tashrif doirasida “Huawei”, “Energy China international”, “Silk road fund” singari Xitoyning yirik kompaniyalari rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha ham uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Xitoyga ishchi tashrifi davom etmoqda.