Qishloq xo‘jaligi vaziri – Qashqadaryoda
2023-09-29 16:35:00 / Yangiliklar
Hozirda qashqadaryolik fermer-dehqonlar oldida turgan dolzarb masalalar – bu paxtaning birinchi terimini tezroq yakuniga yetkazish, peshma-pesh g‘alla ekishni amalga oshirish sanaladi. Qolaversa, ekin ekilgan maydonlarda peshma-pesh sug‘orishni amalga oshirish, kuzgi piyoz, sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosdi ekinlarini ekishni tashkil etish kabilar kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar sirasiga kiradi.
Vohada ishchi tashrif bilan bo‘lib turgan Aziz Voitov bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi, dehqonlarni qiynayotgan muammolar bilan qiziqdi, ularni hal qilish uchun tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Jumladan, safar davomida vazir Qarshi tumanidagi Bog‘obod mahallasida faoliyat yuritayotgan “Hosildor zamin” ko‘chatchilik majmuasida ham bo‘ldi. Ushbu majmua 4 gektar ochiq va 1 gektar yopiq ko‘chatxonalar, “in-vitro” laboratoriyasi va o‘quv markazidan iborat bo‘lib, bu yerda bir yilda 200 ming dona mevali daraxt va 100 ming dona tok ko‘chatlari, 200 ming dona mavsumiy gullar yetishtirish hamda yuzlab yoshlarga zamonaviy ko‘chatchilik sir-asrorlarini o‘rgatish imkoniyati yaratilgan.
Ko‘chatchilik majmuasi bilan tanishgan vazir uning faoliyatini yanada rivojlantirish, mamlakatimizda ko‘chatchilik yo‘nalishini yangi bosqichga olib chiqish uchun zarur chora-tadbirlar yuzasidan yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi.