FAO bilan hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi
2024-12-06 09:55:00 / Yangiliklar
Muzokaralarda O‘zbekiston delegatsiyasiga Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov boshchilik qildi, shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov ham qatnashdi. Shu bilan birga, FAO tomonidan Bosh kotib o‘rinbosari va tashkilotning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi mintaqaviy vakili Abdulhakim Elvayer, Yer va suv resurslari departamenti boshlig‘i Li Lifeng, O‘rmon xo‘jaligi bo’limi boshlig‘i Qi Ming Vu, texnik mutaxassis Feras Ziodat va FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov ishtirok etdi.
Uchrashuvda hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish va qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu sohalardagi tashabbuslarni amalga oshirishda ko‘rsatayotgan yordami uchun FAOga minnatdorlik bildirdi.
Asosiy masalalardan biri FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan “FOLUR” loyihasi doirasida tayyorlangan “O‘zbekistonda qum va chang bo‘ronlari ta’sirini aniqlash va ularni bartaraf etish uchun atmosferani modellashtirish” hisoboti bo‘ldi. Hujjatda chang bo‘ronlarining kelib chiqish sabablari, oqibatlari va ularni yumshatishning barqaror omillarga asoslangan yechimlari tahlil qilinib, tadqiqot jarayonida chang manbalari, yer qoplami va mintaqaviy iqlim sharoitlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirlarni baholash uchun ilg‘or RAMS/ICLAMS modellashtirish tizimidan foydalanilgan.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida “Yashil makon” milliy dasturi, xususan, uning doirasida keng ko‘lamli ravishda o‘rmonlashtirish chora-tadbirlarini ko‘zda tutuvchi hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratilib, Orolbo‘yi mintaqasi muammosini hal qilishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhimligi, umuman, mintaqada ekologik muvozanatni tiklashda Markaziy Osiyo davlatlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari talab etilishi ta’kidlandi.
Yakunda tomonlar sheriklikni mustahkamlash, tabiiy resurslarni asrash va mintaqaning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shadigan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga sodiq ekanliklarini tasdiqladilar.