Asosiy kontentga o'tish

Sergeli tumanida yuz bergan favqulodda holat bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi

2023-09-28 13:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning topshiriqlariga muvofiq yuz bergan favqulodda holat sabablarini o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.

 

Farmoyish bilan Bosh vazir o‘rinbosari A.J.Ramatov boshchiligida 16 kishidan iborat Hukumat komissiyasi tuzildi.

– Komissiya zimmasiga uch kun muddatda omborxonada yuz bergan favqulodda holat sabablarini o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish;

– favqulodda holat oqibatida zarar yetkazilgan har bir uy-joyni, jumladan, aholi xonadonlari, ko‘p qavatli uy-joylarning fasad qismlari, deraza va romlari hamda taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan boshqa bino va inshootlarga yetkazilgan zararlarni bartaraf etish bo‘yicha moddiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, mazkur komissiya aʼzolari favqulodda holat yuz berishining texnik va boshqa sabablarini, favqulodda holatni tavsiflovchi ashyoviy dalillarni;

– yong‘in sodir bo‘lgan obyektda ishlatilayotgan texnika qurilmalari sanoat va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligini;

– zarar ko‘rgan har bir uy-joyni xatlovdan o‘tkazib, xususiy mulkdorlar xonadonlariga, ko‘p qavatli uy-joylarning fasad qismlari hamda taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan boshqa bino va inshootlar holatini;

– o‘rganish natijalariga ko‘ra bajariladigan ish turlarini aniqlagan holda har bir uy-joy (obyektlar) bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni belgilash holatini;

– omborxonada sanoat va yong‘in xavfsizligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilganligi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar (tekshirishlar) va ularda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralarni o‘rganib chiqish;

– yong‘in sodir bo‘lgan obyektda favqulodda holatga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa omillarni aniqlaydi va tekshirish natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritadi.

1218

Oxirgi yangilanish: 2023-09-28 13:13:19