Meva-sabzavot eksportini oshirish choralari belgilandi
2024-11-29 09:05:00 / Majlislar
Mamlakatimizda 4 million gektardan ziyod sug‘oriladigan ekin maydonlari bor. Ularda, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari va iqtisodiyot tarmoqlari uchun xomashyo yetishtirilmoqda. Oxirgi yillarda paxta va g‘alla maydonlaridan 260 ming gektar dehqonchilik uchun ajratilgan. Endi yana 104 ming gektar berilishi mo‘ljallangan.
Bu yil oziq-ovqat eksporti o‘tgan yilga nisbatan 370 million dollarga ko‘payib, hozirgacha 2 milliard dollardan oshdi. O‘zbekiston o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda uchinchi, gilos va shaftoli bo‘yicha yettinchi, mosh va boshqa dukkakli mahsulotlar bo‘yicha o‘ninchi o‘ringa chiqdi. Birgina gilos 16 ta mamlakatga eksport qilinmoqda.
Eksport Qoraqalpog‘iston va Jizzaxda 2,2 barobar, Xorazmda 1,8 barobar va Surxondaryoda 1,6 barobar ko‘paygan. Lekin ayrim viloyat va tumanlarda o‘zgarish sezilmagan.
Masalan, yeri ko‘p bo‘lgan Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatidagi o‘sish ularning imkoniyatiga mos emas. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida eksport o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.
Yurtimizda 5 mingdan ortiq qishloq mahallasi bor. Tuman markazi va shaharlarda yana 2 mingdan ko‘proq mahalladagi xonadonlar tomorqaga ega. Lekin atigi mingta mahallaga ko‘chat tarqatilib, mahsulotni sotib oluvchi tadbirkor biriktirilgan. 26 ta tumanda tomorqa xizmati yo‘lga qo‘yilmagan. Ba’zi joylarda dehqonlarga sifatsiz urug‘ sotilgani tufayli mahsulot yo‘qotilgan.
Shu bois har bir mahalla, xonadon va fermer xo‘jaligiga O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xodimi biriktirilishi belgilandi.
Tomorqa va uylar oldi, mahalladagi ko‘chalar bo‘yi, dala cheti va kanallar atrofida 650 ming gektar yer bor. Bu ham oziq-ovqat mahsulotlari va daraxtlar ekish uchun yaxshi imkoniyat. Endi bu yerlarning aniq o‘lchami tasdiqlanib, Agroplatformaga kiritiladi. Aholi va fermerlar sifatli urug‘ tanlash, dori va o‘g‘itni to‘g‘ri qo‘llash, mahsulotni sifatli saqlashga o‘rgatiladi.
Bu sa’y-harakatni rag‘batlantirish katta yengilliklar beriladi. Dala chetini samarali ishlatgan fermerlarga tadbirkorlar reytingida qo‘shimcha ball hisoblanadi, ichki fitosanitar sertifikati bir yil davomida bepul beriladi. Fermerning barcha yerlari uchun yer solig‘ini ikki yilga bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi. “Oilaviy tadbirkorlik” dasturidagi 100 million so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashgan tizimda ajratiladi. Dala chetlari hisobi, yetishtirilgan mahsulot hajmi “e-Fitouz” portali orqali nazorat qilib boriladi.
Mahallalardagi ko‘chalar va ko‘p qavatli uylar atrofida 10 million tup uzum ekish tashabbusi bildirildi. Ular o‘sib, hosilga kirguncha Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi barcha agrotexnik tadbirlarga ko‘maklashadi. Mahsulotlarni sotib olish uchun mahallalar eksportchi korxonalarga bog‘lanadi.
Yig‘ilishda meva-sabzavotlarni qayta ishlash masalasi tahlil qilindi.
Pishiqchilik davrida narx tushib ketishi oqibatida karam, lavlagi, piyoz kabi mahsulotlar dalada qolib ketayapti. Bu yil tarvuzning ham katta qismi yig‘ib olinmadi. Holbuki, ehtiyojdan ortgan mahsulotni quritib, kukun shaklida eksport qilish mumkin, bunga qandolatchilik korxonalarida talab katta.
Eksport yil davomida bo‘lishi uchun “shok” usulida muzlatish texnologiyasi samarali. Shu bois Qishloq xo‘jaligi vaziri va viloyat hokimlariga kelasi yil shunday loyihalarni ishga tushirish topshirildi.
Shuningdek, 10 ta agrologistika markazi, mingdan ortiq sovutkichli omborxona tashkil etiladi. 40 ming gektardan ortiq sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlar barpo etiladi.
Ma’lumki, jahon bozorida organik mahsulotlar narxi 2-3 barobar qimmat. Yurtimizda 10 ta tumandagi 3 ming 900 gektar maydonda organik sertifikat bor, xolos. Andijon, Jizzax va Xorazmda esa bunday mahsulot yetishtiriladigan birorta yer yo‘q.
Vaholanki, suv omborlari atrofida pestitsid ishlatilmaydigan 2 ming gektar yerda ekin yetishtirilayapti. Faqat ularga organik sertifikat olinib, toza urug‘ va ko‘chatlar ekilsa bo‘lgani.
Shu kabi imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tilib, mutasaddilarga 2025 yilda organik maydonlarni 10 ming gektarga, kelgusi uch yilda 100 ming gektarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Endi organik maydon tashkil qilgan fermer va dehqonlarga yerni lazer bilan tekislash xarajati davlat tomonidan qoplab beriladi. “Organik”, “Global Gap”, “Halol”, “Kasher” kabi sertifikatlarni olish xarajatlari uchun tadbirkorlarga subsidiya ajratiladi.
Bu yil O‘mon Sultonligining yirik savdo tarmoqlarida O‘zbekiston mahsulotlari uchun alohida rasta ajratilib, ilk bor gilos, shaftoli va o‘rik eksporti yo‘lga qo‘yildi. Buni Malayziya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya va Yevropada ham kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Savdo yarmarkalari tashkil qilish, fitosanitar ruxsatnoma olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Umuman, ushbu chora-tadbirlar orqali kelgusi yilda meva-sabzavot eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, atrof-muhitni asrash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Mutasaddilar Andijon, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida chiqindilarni qayta ishlash loyihalarining borishi yuzasidan axborot berdi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasiga yana bir bor e’tibor qaratildi. Bu harakat doirasida har yili bahor va kuzda 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish belgilangan. Shu paytgacha vazirlik, idora va hokimliklar tomonidan 257 ta “yashil bog‘” barpo etilib, ularning soni 517 taga yetgan.
Prezidentimiz bu xayrli ishda davlat tashkilotlari namuna bo‘lishi, qurilish kompaniyalari ijtimoiy mas’uliyat olishi kerakligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda ijro intizomi masalasi ham tahlil qilindi. Yil yakunigacha oz qolgani, belgilangan barcha vazifalarni bajarish natijadorlikni oshirishi qayd etildi.
Kelgusi yil har bir vazirlik, viloyat va tumandagi ishlarning tizimli hisobi olib boriladi. Bu elektron platformaga o‘tkazilib, so‘rov ham, maosh ham shunga bog‘lanadi.
Bosh vazirga ushbu tizimni yo‘lga qo‘yib, ijro intizomi va nazoratini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.