ISSV Bokudagi COP29 tadbirlarida ishtirok etdi
2024-11-15 12:30:00 / Yangiliklar
Tadbirning voqealarga boy dasturi doirasida “Moliya, investitsiyalar va savdo kuni”ning ochilish marosimida, sammit doirasida tashkil etilgan qator panel munozaralari, vazirlar yig‘ilishi va sessiyalarida ishtirok etildi.
Laziz Kudratov “Iqlim, innovatsiyalar va yashil iqtisodiyot boʻyicha TDT hamkorligi” vazirlar yigʻilishida qutlov nutqi bilan soʻzga chiqib, energetika sohasiga yangi texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiyotning yashil transformatsiyasi va barqaror kelajakni barpo etishning ustuvorligini taʼkidladi. Yashil iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish Yangi O‘zbekistonning asosiy strategik maqsadlari hisoblanadi.
Mamlakat qayta tiklanadigan energiya quvvatlarini oshirish va uning energetika balansidagi ulushini 40 foizga yetkazishga intilmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida yangi shamol va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilmoqda.
Raqamli turkiy dunyo kontseptsiyasini ishlab chiqish muhimligi qayd etildi, bu TDT davlatlarining IT sohasidagi ilg‘or tajriba va yutuqlarini o‘zaro almashish, raqamli innovatsion tizimlar, infratuzilma va ilm-fan hamda yirik ma’lumotlar markazlarini yaratishni takomillashtirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.
“Orolboʻyi mintaqasida iqlim oʻzgarishlariga chidamlilikni kuchaytirish va barqaror rivojlanishni ta’minlash”ga bagʻishlangan yigʻilishda Orol dengizining qurishi oqibatlariga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar maʼlum qilindi.
Orol dengizining qurib qolgan tubida 2 million gektardan ortiq o‘rmonzor barpo etish eng yirik loyihalar qatoriga kiradi. 51 ming oilaning uy-joy va yashash sharoitlari yaxshilandi. Mahalliy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, jumladan, soliq imtiyozlari joriy etildi, bu mintaqada iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga yordam berdi.
Bundan tashqari, soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekistonda Orol dengizi havzasidagi irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilishga tizimli ravishda sarmoya kiritilmoqda, bu esa yiliga 1,5 milliard kub metrgacha suvni tejash imkonini beradi. Tajriba tariqasida ham amalga oshirilgan loyihalar tufayli bugungi kunda 100 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlarida tomchilatib sug‘orish tizimi qo‘llanilib, suv sarfi kamaymoqda va qishloq xo‘jaligida hosildorlik oshirilmoqda.
Orolbo‘yida qayta tiklanadigan energiya manbalari, qishloq xo‘jaligi va ekologik xizmatlar sohalarida 10 mingga yaqin ish o‘rni yaratilib, “Yashil iqtisodiyot” loyihalari ishga tushirildi.
Orolboʻyi hududi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilindi. Bu, oʻz navbatida, hududda yashil oʻzgarishlar uchun qulay muhit yaratib, barqaror rivojlanish uchun yangi imkoniyatlarni yuzaga keltirdi.
BMT bilan hamkorlikda Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik trast fondi tashkil etildi. Jamgʻarma tomonidan 293 mingdan ortiq aholi hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan 9 ta qoʻshma loyiha uchun 16,2 million dollari ajratilgan.
Shu oʻrinda Orol dengizi mintaqasidagi eng ko'p jabrlangan jamoalar uchun innovatsion strategiyalar va yechimlarga ustuvor ahamiyat bergan holda Jamg‘arma faoliyatini 2025-2030-yillarda davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, SPECA mamlakatlari iqlim va innovatsiyalar boʻyicha vazirlar yigʻilishida va SPECA maqsadli jamgʻarmasini ishga tushirish marosimida ishtirok etildi. O‘zbekiston Dasturning institutsional asoslarini mustahkamlash shuningdek, iqlim va innovatsiyalar bo‘yicha doimiy ko‘p tomonlama muloqotni yoʻlga qoʻyish orqali ixtisoslashtirilgan SPECA ishchi guruhlari faoliyati samaradorligini oshirish tarafdori ekanligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha yashil iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, logistika, muqobil energetika, aqlli qishloq xoʻjaligi va zamonaviy ijtimoiy infratuzilma sohalaridagi yirik loyihalarni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan SPECA koʻp sheriklik trast jamgʻarmasi ishga tushirildi.