O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2024-10-21 11:30:00 / Yangiliklar
Uchrashuv davomida O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari oxirigi besh yilda jadal rivojlanib borayotganligi, ko‘p tomonlama hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Xususan, YUNESKO, Turkiy Davlatlar Tashkiloti, AYSESKO va TURKSOY kabi tashkilotlarda O‘zbekiston tomonining tashabbuslarini Turkiya tarafi doimiy qo‘llab kelayotgani dunyo hamjamiyatida ikki xalqning o‘zaro munosabatlaridan qay darajadaligini isbotlab kelmoqda.
“O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari oxirigi besh yilda jadal rivojlanmoqda. 2024-yil ikki va ko‘p tomonlama hamkorligimizda muhim voqealarga boy yil bo‘ldi. O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlarda turkiya vakillari doimiy ravishda ishtirok etib kelmoqdalar. Xususan, joriy yil iyun oyida Zominda tashkil etilgan Xalqaro maqom san’ati anjumanida Turkiya Prezidenti maslahatchisi Yalchin Topchu ishtirok etgani Rahbariyatimiz tomonidan alohida e’tirof etildi. Shuningdek, Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida turkiyalik musiqashunos olimlar qatnashayotgani hamda xalqaro hay’at a’zoligida Turkiya vakili ishtirok etgani bizni quvontirdi” – dedi Ozodbek Nazarbekov.
Uchrashuv davomida Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan quyidagil takliflar ilgari surildi:
Joriy yilning 10-13-noyabr kunlari Samarqand shahrida madaniyat bo‘yicha qo‘shma komissiyaning ilk yig‘ilishini tashkil etish;
2025-yilda O‘zbekistonda Turkiyaning mashhur musiqa guruhi “Onado‘lu otashi” damoasini gastrol safarini tashkil etish;
Diyorbakir viloyatida o‘zbek xalqining mashhur sarkardasi Jaloliddin Manguberdi uchun yodgorlik o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqish;
Turkiyaning dunyoga mashhur san’atkorlarni yetishtirib chiqarish tajribasini qadrlagan holda ushbu yo‘nalishda, shuningdek Turkiyaning madaniyat va san’at fondlari bilan hamkorlik qilish;
Turkiya madaniyat va turizm vazirligining moliya boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida Toshkent shahrida seminar tashkil etish;
Turkiya Qo‘lyozma instituti bilan aloqa o‘rnatish.
Shuningdek, ayni kunlarda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Turkiyaning madaniyat tizimini boshqarish tajribasini o‘rganayotganligi hamda kelgusida madaniyat tizimni boshqarishda Turkiya modeli tajribasidan qo'llanilishi, 2025-yilda O‘zbekistonda madaniyat kunlarini tashkil etish hamda ikki xalq uchun umumiy boylik hisoblangan qo‘lyozmalarni tadqiq qilish maqsadida, Turkiya qo‘lyozmalar tashkiloti bilan hamkorlik qilishga kelishildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazrligi o‘rtasida 2024-2026-yillarga mo’ljallangan Yo‘l xaritasi imzolandi.