Xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik avjida
2023-09-05 09:15:28 / Yangiliklar
Ayni damda, konferensiya doirasidagi tadbirlar tashkil etiladigan lokatsiyalarda so‘nggi tayyorgarlik ishlari qizgin pallada. Texnik sessiyalar, investitsion forum, ko‘rgazma namoyishi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari bilan tanishuv obyektlarida barcha ishlar rejadagidek amalga oshirilmoqda.
Tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan Kongress xollda xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha shtab 15-avgustdan boshlab faoliyat yuritmoqda.
Darhaqiqat, ko‘hna va navqiron Samarqand shahri bugun dunyo agrar madaniyatining muloqot maydoniga aylanmoqda. Tayyorgarlik esa avjida! Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari boshchiligida barcha vazirlik, idora va tashkilot mas’ullari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tashkiliy masalalarni hal qilishmoqda.
Xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun dunyoning 32 ta mamlakatidan tashrif buyuradigan 2330 nafar xorijiy ekspert anjuman doirasida dunyodagi global o‘zgarishlar borasidagi o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashadilar.
Chunonchi, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlarini ishlab chiqish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro yetkazib berishning kelishilgan sxemalarini shakllantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasining barcha sohalarida, shu jumladan suv va yer resurslari, raqamlashtirish va innovasiyalar, dengizga chiqa olmaydigan mamlakatlarga sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, «Yashil» va ekspress yo‘laklarni tashkil etish masalalari, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishdagi innovasion va yaxshi natija bergan loyihalarga keng o‘rin ajratiladi.
Konferensiya doirasida milliy, mintaqaviy va global miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning hozirgi holati to‘g‘risida keng fikr almashiladi.
Nol ochlik. 2030-yilgacha ochlikni yo‘q qilish, barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda aniq vazifalarni o‘z ichiga olgan “Nol ochlik»ka erishish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish holati chuqur tahlil qilinadi.
Qolaversa, anjuman yakunida zaminimiz istiqboliga qaratilgan loyihalar taqdimoti o‘rin olgan investision forum o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Zero, O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan tadbir mana shunisi bilan ham ahamiyatlidir.