Xalqaro turizm akademiyasi birinchi tinglovchilarni qabul qilmoqda
2024-09-12 09:30:00 / Yangiliklar
Xalqaro turizm akademiyasi 2023-yilning 20-oktabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti BMT Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida ochilgan edi.
Akademiya turizm sohasi uchun malakali kadrlarni yetkazish bo‘yicha mintaqaviy hab sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
Ta’lim jarayoni Shveytsariya mehmondo‘stlik maktablarining oliy toifali mutahassislari tomonidan ingliz tilida olib boriladi.
Xalqaro turizm akademiyasi 3 yilda jami 2740 nafar o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini qayta tayyorlaydi.
Birinchi akademik yilda Mehmondo‘stlik menejmenti dasturi bo‘yicha 220 nafar tinglovchi qabul qilinadi.
Ikkinchi akademik yildan boshlab barcha 3 ta yo‘nalishda 1260 nafardan soha vakillari o‘qitiladi.
2025 yil yanvar oyidan esa 200 nafar tinglovchiga qayta tayyorlash kurslarini boshlash rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Akademiyaning bitiruvchilari bugungi kunda turizm sohasi uchun talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha yetuk malakali kadrlar bo‘lib chiqadilar.
Ta’lim dargohi tomonidan berilgan diplom va sertifikatlar BMT Turizmga a’zo davlatlarning barchasida tan olinadi. Akademiyani tamomlagandan so‘ng bitiruvchilar BMT Turizm va dunyoning barcha hamkor kompaniyalarida amaliyot o‘tash orqali amaliy tajriba orttirish hamda shu yerda ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Tashrif doirasida, “Ipak yo'li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida o‘tkazilgan tadbirda Ekologiya vaziri, oliygoh rektori Aziz Abduhakimov BMT Turizm Bosh kotibi Zurab Pololikashviliga universitetning faxriy professori unvonini tantanali ravishda topshirdi.