Xitoy kompaniyasi bilan memorandum imzolandi
2024-09-11 09:15:00 / Yangiliklar
Xitoyda suv resurslarini samarali boshqarish, tejamkor texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya tarmoqlarini betonlash, sho‘rlangan maydonlarda sho‘rni yuvmasdan yuqori hosil olish, innovatsiya va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha katta tajriba to‘plangan.
“Dayu Irrigation Group Co.,Ltd” kompaniyasi suvni samarali boshqarish, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash, sug‘orishda “aqlli” texnologiyalardan foydalanish borasida yetakchilardan biri hisoblanadi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamraev ushbu yo‘nalishlarda hamkorlik katta samara berishini ta’kidladi.
Suy Szin xonim kompaniya sel-toshqinga qarshi kurash choralarini ko‘rish bo‘yicha ham katta tajribaga ega ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston suv xo‘jaligi sohasi uchun foydali ko‘plab innovatsiyalarni taklif etish niyati borligini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasining “Dayu Irrigation Group Co.,Ltd” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.
Shuningdek, “Dayu Irrigation Group Co.,Ltd” kompaniyasi vazirlik huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti bilan ilmiy yo‘nalishlarda hamkorlik qilish bo‘yicha Memorandum imzoladi.