O‘zbekiston-Ozarbayjon biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
2024-08-22 15:10:00 / Yangiliklar
Forumda Oʻzbekiston delegatsiyasiga investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Ozarbayjon delegatsiyasiga Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov boshchilik qildi. Forumda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, hududlar hokimliklari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 300 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Laziz Kudratov tadbir ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, Ozarbayjonning koʻp sonli ishbilarmon delegatsiyasiga tashrifiga minnatdorlik bildirib, ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli ikki tomonlama hamkorlik strategik xususiyat kasb etib, sifat jihatidan yangi bosqichga chiqqanini alohida ta’kidladi.
Koʻp qirrali Oʻzbekiston-Ozarbayjon hamkorligining jadal rivojlanayotgani qayd etildi. Keyingi 5 yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobar, joriy yil boshidan buyon esa yana 20 foizga oshdi. Ikki davlat rahbarlari tomonidan qo‘yilgan vazifa – yaqin kelajakda tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.
Iqtisodiyotning eng ustuvor tarmoqlari – energetika va shaharsozlikdan tortib mashinasozlik, to‘qimachilik va ipakchilik, qishloq xo‘jaligi kabi sohalardagi sarmoyaviy hamkorlik ko‘lami kengaymoqda. O‘zbekistonda “Pasha Holding”, “Matanat”, “Sarda Group”, “Sokar” kabi eng yirik Ozarbayjon kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekistonning “Global Textile”, “Azsilk”, “Businesstex” kabi kompaniyalar Ozarbayjon hududlarida faoliyat yuritmoqda.
Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan Qo‘shma investitsiya kompaniyasi ishga tushirildi. Yengil va oziq-ovqat sanoati, yashil energetika, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda aniq loyihalar portfeli shakllantirildi.
Shu bilan birga, import o‘rnini bosish va hamkorlik dasturlarini amalga oshirish, tovarlarni elektron platformalarda joylashtirish, savdo uylari, ko‘rgazma zallari va milliy pavilyonlar ochish, qurilish materiallari yetkazib berish hajmini oshirish, talabga ega bo‘lgan mahsulotlarni samarali rag‘batlantirish uchun o‘zaro asosda tarmoq birlashmalari vakillari uchun lavozimlar tashkil etish kabi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlar qayd etildi.
Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, jumladan, toʻqimachilik va ipak ishlab chiqarish, qurilish materiallari, oziq-ovqat va togʻ-kon sanoati, shaharsozlik, infratuzilma va zamonaviy turar-joy, savdo tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha yangi yirik loyihalarni amalga oshirish orqali katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tog‘-kon sanoati, energetika va neft-gaz sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, “yashil” energiya ishlab chiqarish va eksport qilish, qishloq xo‘jaligida hamkorlikni kengaytirish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
O‘z navbatida, Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov samimiy qabul uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. Ma’ruzachi O‘zbekistonda yaratilgan sarmoyaviy muhit va tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish imkoniyatlarini yuksak baholab, uzoq muddatli hamkorlikka ishonch bilan tayangan holda Ozarbayjon biznesini ikkilanmasdan O‘zbekistonga sarmoya kiritishga taklif qildi.
Tadbir doirasida B2B va G2B muzokaralari boʻlib oʻtdi, unda oʻzbekistonlik va ozarbayjonlik tadbirkorlar kelgusida qoʻshma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini muhokama qilishga muvaffaq boʻldi.
Forum yakunlari boʻyicha infratuzilmani rivojlantirish va shahar qurilishi, yangi logistika markazlari, taʼlim obyektlari, hamkor mamlakatlarda sanoat birlashmalarining vakolatxonalarini qurish boʻyicha ikki tomonlama hujjatlar almashish marosimi boʻlib oʻtdi, shuningdek, hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar va ularni amalga oshirish muddatlari aks etgan qoʻshma “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi.