Agrar sohada qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish xalq farovonligining muhim omilidir
2024-07-02 11:45:00 / Yangiliklar
Bir muddat oldin Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Misr Arab Respublikasining “Nile sugar” kompaniyasi o‘rtasida mamlakatimizda qand lavlagi yetishtirish va uni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
O‘tgan yilning ayni mana shu kunlarida esa, kompaniya mutaxassislari G‘allaorol va Forish tumanlariga tashrif buyurib, qand lavlagi yetishtirish uchun 50 ming gektar, shakar zavodi qurish uchun esa 170 gektar yer maydonlarini tanlangan edi.
Ayni paytda umumiy qiymati 500 million dollarlik ushbu loyiha doirasida 12,5 gektarlik mazkur dala maydoniga Misr Arab Respublikasidan keltirilgan qand lavlagi urug‘lari ekilgan bo‘lib, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda. Eng asosiysi, bu yerga kompaniya tomonidan yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy qilingan bo‘lib, bu tizimning nechog‘lik samarador ekanligi ekinlarda o‘z aksini topgan.
Kompaniyaning Germaniya va Fransiyada ham mana shunday ekin yerlari va zavodlari mavjud bo‘lib, aynan shu davlatlarda sinovdan o‘tgan, yuqori hosildor qand lavlagi urug‘i G‘allaorolda tajriba sifatida yetishtirilmoqda.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov dalaning o‘zida viloyatdagi agrar soha mutasaddilari bilan suhbatlashar ekan, aynan mana shunday loyihalar nafaqat istiqbolli bo‘lishi, balki mahsulotni yetishtirish va uni qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat zanjiri yaratilishi, bu esa yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali mahalliy aholining farovonligini ta’minlashga hamda shu hududning iqtisodiy rivojlanishiga sabab bo‘lishi haqida o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.
Shu yerning o‘zida yondosh hududda 10 gektar yerga ekilgan lalmi g‘alla maydoni bilan ham tanishildi. Lalmi yer bo‘lganiga qaramasdan ishlov yaxshi berilgani bois bug‘doy donlari yirik, hosil esa bo‘liq.
Vazir suv chiqmaydigan bunday adirlikda g‘allani mana shu darajada parvarish qilish oson ish emasligini ta’kidlab, g‘allakorlarga o‘z minnatdorligini bildirdi. Albatta yig‘ishtirib olingandan so‘ng hosil cho‘g‘i ma’lum bo‘ladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, esa ushbu daladan 30 sentnerdan hosil olish taxmin qilindi.