Arabian Travel Market ATM-2023: O‘zbekiston Dubaydagi xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etmoqda
2023-05-02 09:35:00 / Yangiliklar
2023-yilda Oʻzbekiston stendini Madaniyat va turizm vazirligi, “Milliy PR-markazi” DUK, Oʻzbekiston Respublikasining BAAdagi elchixonasi bilan hamkorlikda namoyish etadi, shu bilan birga, koʻrgazmada Silk Road Samarkand turistik kompleksi, Asia Tour Elite, Rocket Uzbekistan, Sogda Tour turistik kompaniyalari, Xorazm viloyati sayyohlik kompaniyalari va Ichan qal’a muzeyi direksiyasi ishtirok etmoqda.
Xalqaro koʻrgazma kunlarida delegatsiyamiz aʼzolari yangi sayyohlik mahsulotlarini namoyish etishadi, shuningdek, joriy yilning noyabr oyida boʻlib oʻtadigan TXTY-2023 Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etish uchun davlatlar va yirik tashkilotlardan hamkorlarni jalb etish boʻyicha muzokaralar tashkil etishadi.
Ma'lumot uchun:
Arabian Travel Market – Yaqin Sharqdagi yetakchi sayyohlik koʻrgazmalaridan biri boʻlib, koʻrgazmada har yili turizm bozorining 2800 dan ortiq mahsulotlari namoyish etilib, dunyoning turli burchaklaridan 39 mingga yaqin mehmonlar tashrifi buyuradilar. Bu yil ham koʻrgazmada Osiyo, Yevropa, Afrika, Amerika va Yaqin Sharqning koʻplab davlatlaridan turizm sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda. Oʻzbekiston ilk bor 2019-yilning aprel-may oylarida Arabian Travel Market xalqaro sayyohlik koʻrgazmasida ishtirok etgan edi. Koʻrgazmada Oʻzbekiston milliy stendi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (hozirgi Madaniyat va turizm vazirligi), “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi va mamlakat turistik kompaniyalari bilan birgalikda namoyish etilgan edi. 2020-yilda pandemiyadan keyin birinchi marta Arabian Travel Market koʻrgazmasi gibrid formatda boʻlib oʻtib, unda Oʻzbekiston koʻrgazmada alohida milliy stend bilan namoyish etilgan yagona Markaziy Osiyo davlati boʻlgan.