Zomin – xalqaro maqom anjumani mezboni
2024-06-28 09:30:00 / Yangiliklar
Bu anjuman davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan va birinchi festival 2018 yil Shahrisabzda o‘tkazilgan edi. Keyinchalik pandemiya tufayli kechiktirilgan san’at qurultoyi bu yil yangicha ruh va shukuh bilan qaytdi.
Tantanali ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, maqom san’atining tarixi va ahamiyatini e’tirof etdi.
– Bizning qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, azaliy qadriyatlarimizning ramzi bo‘lgan maqom san’ati teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallaydi. Maqom – umumbashariy tuyg‘ularni avj pardalarda tarannum etadigan nodir san’at turi sifatida ham biz uchun g‘oyat qadrlidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Maqom san’ati musulmon Sharqidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida jadal rivojlanib, yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan. Abu Nasr Forobiy o‘zining “Katta musiqa kitobi”da kuylarning nazariy va amaliy mezonlarini ud sozi orqali mukammal tartibga keltirgan. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarimiz noyob musiqiy asarlar yaratib, maqom rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.
XX asrda bu an’analarni Abdurauf Fitrat, Yunus Rajabiy kabi san’atshunos olimlar, Hojixon Boltayev, Komiljon Otaniyozov, Turg‘un Alimatov, Fattohxon Mamadaliyev va boshqa hofizlar munosib davom ettirgan.
Davlatimiz rahbari maqom san’atini asrab-avaylashda atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovning katta hissasi borligini ta’kidladi. O‘sha og‘ir davrlarda Toshkent davlat konservatoriyasida maqom san’atini ilmiy o‘rganishga va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga asos solingan. Maqom ansambli tashkil etilgan. O‘lmas “Shashmaqom” durdonalari notaga olinib, 6 jilddan iborat mukammal kitob nashr qilingan.
Mumtoz musiqa san’atining gultoji bo‘lgan betakror maqomlarimiz YUNЕSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Prezidentimiz e’tibori bilan ushbu san’at ravnaqi yangi bosqichga chiqdi. Bugungi kunda maqom butun mamlakatimiz bo‘ylab, boshlang‘ich ta’limdan tortib, akademik fan darajasigacha bo‘lgan bosqichlarda uzluksiz tarzda o‘rganilmoqda. Toshkent shahrida Maqom markazi qurilmoqda. Bu yo‘nalishda sermahsul ijod qilayotgan bastakor, xonanda va sozandalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida milliy tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbari hayotini ana shunday sharafli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan san’atkorlarga butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.
- Ezgulik va gumanizm bayrog‘i ostida birlashgan, san’atni butun borlig‘i bilan sevadigan barcha ijod ahli uchun ushbu festival, hech shubhasiz, katta bayramdir. Maqomlar jahon musiqa ixlosmandlari ruhining tuganmas kuch-quvvat va ilhom manbai bo‘lsin, - dedi Prezident.
Marosimda YUNЕSKO Bosh konferensiyasi 42-sessiyasi prezidenti Simona Mikulesku, AYSЕSKO Bosh direktori Salim Muhammad al-Malik ham so‘zga chiqib, ishtirokchilar va mehmonlarni qutladi.
Shuningdek, anjumanda TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy madaniyat va meros fondi prezidenti Aktoti Raimkulova, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi o‘rinbosari Nurlan Seytimov, Turkiya Prezidentining bosh maslahatchisi Yalchin Topchu, Qozog‘iston Prezidentining maslahatchisi Malik Otarbayev, Tojikiston Prezidentining ijtimoiy rivojlanish, madaniyat va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi Abdullo Rahmonzoda, Qirg‘iziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Oltinbek Maksutov, Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Gabil o‘g‘li Karimli qatnashdi. Umuman, festivalda Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika qit’alarining 80 dan ortiq mamlakatidan qariyb 400 nafar mehmonlar ishtirok etmoqda.
Tantanali tadbir mumtoz kuy-qo‘shiqlardan tuzilgan konsert bilan davom etdi.
Festival o‘tayotgan Zominsoy majmuasi bayramona bezatilgan. Keng maydon bo‘ylab xalqimizning boy madaniyati, zo‘r amaliy san’atini namoyon etuvchi ko‘rgazmalar tashkil etilgan.
Anjuman 30-iyunga qadar davom etadi. Yakunda «Eng yaxshi maqom ansambli», «Eng yaxshi yakkaxon cholg‘u ijrochisi» va «Eng yaxshi yakkaxon xonanda» yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblar e’lon qilinadi. Shuningdek, maqom san’atining nazariy va amaliy asoslari mavzusida xalqaro konferensiya, davra suhbatlari bo‘lib o‘tadi.