Toshkent xalqaro investitsiya forumi: istiqbolli va har tomonlama manfaatli loyihalar taqdimoti
2024-05-02 16:25:00 / Yangiliklar

Taqdimotda Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, AQSH, Saudiya, Turkiya, BAA, Qatar, Hindiston, Ummon, Janubiy Koreya, Quvayt davlatlaridan hukumatlar vakillari va kompaniyalar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda moliya muassasalaridan delegatsiyalar ishtirok etdi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat tufayli qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalari har tomonlama strategik sheriklik hamda ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgani alohida qayd etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirish orqali mintaqaviy iqtisodiy kooperatsiyani rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
Mazkur jarayonda suv-energetika yo‘nalishida ham hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi yiliga o‘rtacha 5-6 foizga oshib bormoqda.
Ushbu talabni qoplash uchun, qo‘shimcha generatsiya quvvatlari, xususan “yashil” elektr stansiyalarini yaratish ustuvor vazifa qilib belgilangan.
So‘nggi yillarda 2 milliard AQSH dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 1,6 GVt 9 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulangan. Buning natijasida 1,5 mlrd kVt-soat “yashil” energiya ishlab chiqarilgan.
Ayni paytda xorijiy hamkorlar bilan 14 milliard AQSH dollarlik 12 GVtli 31 ta “yashil” generatsiya quvvatlari barpo etilmoqda.
Taqdimotda Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan birgalikda qiymati 2,9 milliard AQSH dollarlik 1860 MVt quvvatli “Qambarota-1” gidroelektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish rejasi haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega mazkur loyiha Qirg‘iz Respublikasi hududida Norin daryosida barpo etilib, yiliga 5,6 milliard kVt-soat ekologik toza energiya ishlab chiqarish imkonini beradi.
Bildirilishicha, bunda, nafaqat ekologik toza energiya ishlab chiqariladi, balki mintaqadagi suv resurslarini samarali boshqarish va undan oqilona foydalanish imkoni ham yaratiladi.
Jaxon banki ushbu loyihani amalga oshirishni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan va loyihaning texnik-iqtisodiy asosnomasini ishlab chiqish uchun 5 million dollar grant mablag‘i ajratgan.
Bundan tashqari, taqdimot doirasida mintaqaning energiya resurslariga bo‘lgan talabini qondirishda yana bir muhim ahamiyatga ega bo‘lgan loyiha Zarafshon transchegaraviy daryosida Yavan gidroelektr stansiyasi haqida ham atroflicha ma’lumotlar berildi.
Tadbir so‘nggida, taqdimotchilar investorlarni va xalqaro moliya institutlarini ushbu istiqbolli hamda har tomonlama manfaatli bo‘lgan loyihalarda faol qatnashishga taklif etdi.




