Jadidlar merosi — ma’naviy uyg‘onishning abadiy mayog‘i
2025-07-11 19:00:00 / Yangiliklar

Jadidlarning fikricha, taraqqiyotga eltuvchi eng asosiy yo‘l — bu ilm, ta’lim va ma’naviyatdir. Ular o‘z davridagi johillik, e’tiqodiy turg‘unlik va mustamlakachilik siyosatiga qarshi ruhiy va intellektual kurash olib bordilar. Eski usuldagi maktablar o‘rniga yangi usulda ta’lim beruvchi maskanlar, mustaqil matbuot organlari, milliy teatrlar, jamiyatni uyg‘otishga xizmat qiluvchi asarlar — bularning barchasi jadidlarning benazir mehnat mahsulidir.
Bugungi Yangi O‘zbekiston, Uchinchi Renessans sari yuzlanayotgan davrda, jadidlar merosini chuqur o‘rganish, ulardan ibrat olish – muqaddas burchga aylangan. Zero, bu harakatning ildizlari o‘zligini anglagan, milliy g‘ururga ega bo‘lgan avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Mudofaa vazirligi Maxsus avariya tiklash boshqarmasida o‘tkazilgan “Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidir...” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham ana shu yuksak maqsadlar doirasida o‘tkazildi. Tadbir ma’rifatparvar, jadid harakati yetakchilaridan biri Abdulla Avloniy tavalludining 147 yilligiga bag‘ishlandi.
Ushbu tadbir Respublikamizdagi nufuzli tashkilotlar: “Ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati”, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi hamda “Jadid” adabiy, ilmiy-ma’rifiy va ijtimoiy gazetasi vakillari hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Xalq artisti, Milliy drama teatrining mashhur aktrisasi va Avloniy bobomizning evarasi Gavhar Zokirova, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Baxrom Irzayev, filologiya fanlari nomzodi va shoir Dilshod Rajabov hamda “Jadid” gazetasi vakili, shoir Dilmurod Dustbekovlarning ma’ruzalari, ijodiy chiqishlari, xotiralari ishtirokchilarda hayrat, faxr va chuqur tafakkur uyg‘otdi. Ularning so‘zlarida Avloniyning jasorati, jadidlar fidoyiligi, g‘oyaviy chidamliligi va ulkan ma’naviy merosi haqida so‘z bordi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Xalq shoiri Iqbol Mirzoning “Jadidlar” she’ri asosida yaratilgan videorolik hamda Jadidchilik harakati namoyandalarining hayoti va faoliyatini yorituvchi “Armon” hujjatli filmi namoyish etildi. “Impuls” harbiy ansambl xonandalari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilarida ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Bu kabi tadbirlarning harbiy sohada tashkil etilishi alohida e’tiborga molikdir. Harbiy xizmat — bu faqat jismoniy jasorat emas, balki ruhiy sobitlik, tarixiy xotiraga sadoqat va ma’naviy tayanch talab qiladigan faoliyatdir. Jadidlar qoldirgan ibratli hayot yo‘li, ma’rifatga chorlovchi o‘gitlari har bir harbiy xizmatchining ongiga o‘z ta’sirini o‘tkazib, ularda Vatan, millat va tarix oldidagi mas’uliyat hissini yanada kuchaytiradi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






