Nukusda “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inining ilk mavsumi nihoyasiga yetdi
2025-03-11 19:05:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Jizzax tajribasi” loyihasi doirasida yoshlarga har tomonlama ko‘mak berish, ularni jismonan chiniqtirish, ma’naviyati va madaniyatini yuksaltirish maqsadida “Jasorat maktabi” loyihasi bugun minglab yoshlarimizning hayot maktabiga aylangan muqaddas dargoh bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Nukus” umumqo‘shin poligoni negizida boshlangan o‘n kunlik harbiy-vatanparvarlik yig‘ini hayot yo‘lini to‘g‘ri izga solmoqchi bo‘lgan yoshlarga mayoq singari kelajak uchun ulkan rejalar bilan katta hayotga kirib borishiga ko‘mak bermoqda. Yig‘in ishtirokchilari o‘n kun davomida shunchaki kun o‘tkazishi emas, balki qat’iy belgilangan kun tartibi asosida mashg‘ulotlarda ishtirok etib, kasb-hunar o‘rganishi, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashi, ilk harbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilarga harbiycha ust-bosh kiyimlar berilib, ichki tartib-intizom, harbiycha yurish-turish hamda mashg‘ulot jadvali tanishtirildi. Harbiycha hayotga moslashuv jarayonining oson kechishini ta’minlash maqsadida guruhlarga malakali ofitser va serjantlar biriktirildi.
Mashg‘ulotlar davomida yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik soatlari tashkil etilib, “Zakovat” intellektual o‘yini, turli viktorina va suhbatlar tashkil etildi. “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi, davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar yosh avlod qalbida kelajakka umid uchqunlarini yoqib, orzular zaminini yaratdi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkillashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida ular bilan turli sport o‘yinlari va musobaqalar, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Xususan, harbiy okrug qo‘mondonligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Milliy gvardiya hududiy bo‘linmalari bilan hamkorlikda “Biz – sog‘lom turmush tarafdorimiz!” shiori ostida arqon tortish, stol tennisi, armrestling, tosh ko‘tarish, kamondan o‘q otish, pichoq uloqtirish, shaxmat-shashka hamda boshqa sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalar yoshlarda o‘ziga bo‘lgan ishonchni orttirib, ularni jamoaviylikka, bir yoqadan bosh chiqarib harakatlanishga, sog‘lom turmush tarzini odat qilishga undadi.
Madaniy hordiq olishlarini ta’minlash uchun o‘tkazilgan konsert dasturlari, davra suhbatlari, spektakl tomoshalari ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.
Ta’kidlash joizki, “Jizzax tajribasi” asosida boshlangan yig‘in Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlari orasida ham katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda. Bu yil hisobidan yig‘inning birinchi mavsumi o‘z nihoyasiga yetib, yuz nafar qoraqalpog‘istonlik yoshlarga ulkan motivatsiyalar, kelajakka yangi orzu va umidlarni uyg‘otgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
“Jasorat maktabi” yig‘inining yopilish marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, kuch tuzilmalari vakillari, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi rahbariyati, O‘zbekiston yoshlar Ittifoqi hamda biriktirilgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. So‘z olganlar yig‘in bitiruvchilarini samimiy muborakbod etisharkan, kelgusidagi hayot yo‘llarida omad va zafarlar tilab qolishdi. Mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama kamol topishi uchun haqiqatan ham keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Yig‘in davomida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan yoshlar okrug qo‘mondonligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Barcha ishtirokchilarga yig‘inni o‘tagani munosabati bilan sertifikatlar tarqatildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati