Qurolli Kuchlar harbiy tibbiyot akademiyasida "Mening orzuim" xayriya uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2025-01-31 19:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda mudofaa vaziri o‘rinbosari, "Spinal mushak atrofiyasi" xayriya jamoat fondi vakillari, Respublika ixtisoslashgan ona va bola salomatligini muhofaza qilish ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali shifokorlari, spinal mushak atrafiyasiga chalingan bolajonlar va ularning ota-onalari hamda yosh harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi.
Unda so‘z olganlar ushbu xayriya fondi davolanishi va namoyon bo‘lishi jihatidan murakkab, mamlakat tibbiyoti uchun yangilik bo‘lgan Spinal mushak atrofiyasi (SMA) bilan kasallangan bolalar va ularning ota-onalariga moddiy, ma’naviy ko‘mak berish maqsadida tashkil etilganligi haqida so‘z yuritishdi.
Shuningdek, Respublika ixtisoslashgan ona va bola salomatligini muhofaza qilish ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali shifokorlari tomonidan kasallik tarixi va uni oldini olish choralari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida bolajonlarga Mudofaa vazirligining esdalik sovg‘alari ulashilib, bolajonlarning hayotga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida yosh musavvirlarning ona Vatanni, tinchlikni ulug‘lab chizgan sur’atlarini rag‘batlantirish va bemor bolalarga moddiy ko‘mak ko‘rsatish uchun xayriya tadbiri tashkil etildi.
Yakunda harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qo’shiqlar murg‘ak qalb egalariga olam-olam quvonch ulashdi.
Bunday tadbirlar Mudofaa vazirligining barcha harbiy okrug va qo‘mondonliklari bo‘ylab davom etmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









