Surxondaryoda “Jasorat maktabi” yig‘ini nihoyasiga yetdi
2024-12-21 11:00:00 / Yangiliklar

Yig‘inda yigitlar har kunni erta tongni badantarbiya mashg‘ulotlari bilan boshlab, kun davomida jismoniy, harbiy va saf tayyorgarligi kabi o‘quv mashg‘ulotlarda shuningdek, kasb-hunar egallashga qaratilgan darslarda ishtirok etib, bilim va ko‘nikmalarini oshirib borishdi. Xususan, yig‘inda IT-texnologiyalari, tadbirkorlik hamda kasb-hunar, avtoservis xizmati, umumqurilish ishlarini o‘rganish bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar davomida yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik soatlari o‘tkazildi. “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi, davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza etish organlari xodimlari tomonidan mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar, tajribali tadbirkorlar ishtirokida biznes forumlar hamda sport musobaqalari tashkil etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Jasorat maktabi” hayotini qaytadan boshlamoqchi bo‘lgan jasoratli yoshlarni kashf etib, umr kitobida oydin hayot sari odimlashlari uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Jasorat maktabi” yig‘inining yopilish marosimida hamkor tashkilotlar vakillari, yoshlar va ularning ota-onalari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etib, bitiruvchilarini samimiy muborakbod etisharkan, kelgusidagi hayot yo‘llarida omad va zafarlar tilab qolishdi.
Yakunda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan yoshlar Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagu qo‘mondonlik hamda hamkor tashkilotlar tomonidan faxriy yorliqlar hamda sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati




