Farg‘ona «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyida 1-bosqich o‘quvchilarning tantanali va’da berish marosimi bo‘lib o‘tdi
2024-09-29 16:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimi, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, keng jamoatchilik vakillari va Farg‘ona «Temurbeklar maktabi»ning shaxsiy tarkibi, o‘quvchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etib, bo‘lajak yurt o‘g‘lonlariga omad va zafarlar yor bo‘lishini tilab qoldi.
Bugungi marosim yuqori ko‘tarinkilikda tashkil etilgan bo‘lib, o‘quvchi-yoshlar yurt himoyachisidek sharafli kasbni egallash uchun yuqori bilim ko‘nikmalarga ega bo‘lishga barchaning oldida tantanali ravishda “Va’da” berishdi. Shu kuni yurtimizda yaqinlashib kelayotgan “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Farg‘ona garnizonidagi harbiy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan bir guruh o‘qituvchilarga Mudofaa vazirligining esdalik nishonlari va sovg’alari topshirildi.
Tadbirning badiiy qismida harbiy orkestr jamoasining chiqishlari va Farg‘ona «Temurbeklar maktabi» o‘quvchilarining qo‘l jangi bo‘yicha mahoratlari namoyishi etildi. Yakunda viloyat madaniyat markazining taniqli san’at ustalari tomonidan konsert dasturi ham namoyish etildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






